Kitob uyimizni bezatishi kerakmi, ko‘nglimizni?

Bir safar ustozim, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik bugungi kitobxonlar, yoshlar ma’naviyati va kitob mutolaasi haqida so‘z yuritayotib, bir o‘rinda meni hayron qoldiradigan quyidagi voqeani hikoya qilib bergandi:

“Kitob do‘konida yangi kitoblarga ko‘z yugurtirarkanman, tuyqus qiziq holatga duch keldim. Sipo kiyingan o‘rta yoshlardagi bir erkak tokchalardagi kitoblarni birma-bir qo‘liga olib, ularning o‘lchamini ola boshladi. Unga hayron qarab turganimni sezdi shekilli, menga qarab izoh berdi:

- Kitob javoni sotib olgandim. Endi uni kitoblarga to‘ldirishim kerak. Shunga javon tokchalariga mos keladigan kitoblarni saralayapman...

Nodonlikni qarang, kitob uylarimizni, kitob javonlarimizni emas, qalblarimizni bezashi kerak emasmi?”

Haqiqatdan ham ayanchli hol. Ma’nan qashshoq odamgina shu ishga qo‘l uradi. Axir, kitob ustoz aytganidek, uyimizni, javonlarimizni emas, ko‘nglimizni bezashi lozim. Kitobni azbaroyi ziynat, bezakli buyum sifatida sotib olmaymizku? Did va saviyani o‘stirish, ma’nan boyish, fikr salmog‘i va zalvorini oshirish, hisni tarbiyalash, intellektual salohiyatni kengaytirish va shu kabi talay imkoniyatlarga ega bo‘lish maqsadida o‘qilmaydimi kitob degani? Menimcha, shunday.

Har gal ish yuzasidan poytaxtga borganimda, «Sharq ziyokori» kitob do‘koniga kiraman. Odat bo‘lib qolgan. Ma’naviy tashnaligimni qondiradigan, ko‘nglim dunyosini yanada yoritadigan, yuksak kayfiyat va ruh bag‘ishlaydigan, his-tuyg‘ularimni boyitadigan, sezgilarimni o‘tkirlashtiradigan, umuman qalbimni tarbiyalab, ong-shuurimni yolqinlashtiradigan asarlarni shu yerdan topaman. Do‘konda uch-to‘rt qavatli uzun tokchalarda terib qo‘yilgan kitoblarni ko‘rib ko‘zim quvnaydi. Birin-ketin ko‘z yugurtirib, varaqlayman. Meni kitobning yaltiroq muqovasi ham, qalin-yupqaligi ham, qanday dizaynda, formatda ishlangani ham qiziqtirmaydi. Kitob nima haqida, uning mag‘zi to‘qmi-puchmi, salmog‘i, zalvori qanday – shu qiziqtiradi.

O‘zi kitob tanlashda g‘alati odatim bor. Avval uning qaysi nashriyotga tegishliligi, kimlar muharrirlik qilgani bilan qiziqaman. Chunki mag‘zi puch, hech qanday ma’naviy ozuqa bermaydigan, saviyasiz, buning ustiga imlo va uslubiy xatolari g‘ij-g‘ij kitoblarni mahsulot sifatida chiqarayotgan xususiy nashriyotlar borligi ma’lum-da. Maqsad-maslagi boyish, ko‘proq pul ishlashi bo‘lgan bu kabi «xontaxta» kitob nashriyotlaridan ma’naviy didimizga mos kitoblar chiqishi amrimahol.

Siz-chi, aziz mushtariy, kitob olasizmi? Olsangiz, undan nima maqsadda foydalanasiz? Uyingizni bezaysizmi yoki...

Umid KO‘ChIMOV,

Urgut tumanidagi 98-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.