"Kobalt"ni olib qochgan qidiruvdagi gumondorni ayol inspektor ushladi

Toshkent shahar IIBB tomonidan barcha hududiy ichki ishlar organlariga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga shu yilning 20 oktyabr kuni shaharning Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan kulrang “Kobalt” rusumli, davlat raqam belgisi 01 V 457 DB bo‘lgan transport vositasi olib qochilgan haqida xabar berilgan.

Ushbu ishni sodir etgan gumonlanuvchi kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Murojaatga gumonlanuvchining kameradan olingan fotosurati ham ilova qilingan.

IIV YHXBB axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent viloyati IIBB YHXB 1-mintaqaviy hudud YPX 1-otryadi YPX inspektori, safdor F.Tosheva ham bu xabarni olib, sinchkovlikni oshirdi. Yo‘ldan o‘tayotgan transport vositalarini kuzatib, shubhali tuyulganlarini to‘xtatib tekshira boshladi.

O‘zini “qo‘lga tushmas” ekanligiga ishongan gumonlanuvchi olib qochilgan avtomobilda xotirjam Chirchiq shahridan o‘tar ekan, inspektorning chalgan hushtagi “kapalagini” uchirib yubordi. U bir zumgina dovdirab nima qilishni, qayerga qochishni bilmay qoldi. YPX inspektori F.Tosheva uchun ana shu qisqa lahzalar kifoya qildi. U hamkasbi, safdor S.Umarovni yordamga chaqirdi. Birgalikda olib qochilgan transport vositasini va gumondorni qo‘lga tushirishdi. Gumondor va transport vositasi shahar IIBga olib borib topshirildi.

Endilikda gumondor o‘z qilmishiga yarasha qonun oldida javob beradi.