«Ko‘ngildan ko‘chirmalar»
Taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalilning galdagi kitobi shunday nomlangan.
Kitobda ijodkor qalbining ruhiy kechinmalari, quvonch va iztiroblari o‘quvchi hukmiga sodda va samimiy tarzda havola etilgan. Xotiralar, she’rlar, ocherklar, suhbatlar va esselarda adabiyotga baxshida taqdirlar, Vatan va millat hayotiga esh bo‘lib kelayotgan zamondoshlarimizning zahmat va sharafga yo‘g‘rilgan umr yo‘llari haqida qiziqarli tarzda hikoya qilingan.
Buni muallif bevosita muloqotda bo‘lgan, birga ishlagan, saboq olgan Chingiz Aytmatov, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Tog‘ay Murod, Muhammad Yusuf, Ahmad A’zam, Sirojiddin Sayyid, Matnazar Abdulhakim, Mirzo Kenjabek, Eshqobil Shukur, Chori Avaz, Nazar Eshonqul, Jabbor Razzoqov, Safar Ostonov, Qulman Ochil, Sobir O‘nar, Ro‘ziboy Qo‘ldosh kabi adabiyot va jurnalistika darg‘alariga bag‘ishlangan asarlardan ham bilish mumkin.
Shuningdek, kitobda yaxshilik, mehr-oqibat, iymon-e’tiqod haqida hikoya qilinadi. Armonlar, xatolar haqida gap ketadi. Har birimizning xatolarimiz, armonlarimiz...kishini o‘yga toldiradi. Kitobning asosiy g‘oyasi – ezgulik. Uning har sahifasidan insonmisan, insondek yasha, degan da’vat eshitilayotgandek bo‘ladi.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi «Ijod» jamoat fondi homiyligida «Tafakkur» nashriyotida chop etilgan.