Kofirqal’a - Sug‘d hukmdorlarining qarorgohi
Samarqand Sug‘dida Afrosiyob, Quldortepa, Kofirqal’a, Ishtixon, Qushoniya, Robinjon va Dobusiya kabi katta-kichik qadimgi shaharlar mavjud edi. Bu shaharlarning ichida Kofirqal’a shaharchasining alohida o‘rni bo‘lgan.
Kofirqal’a shaharchasi – Darg‘om kanalining chap qirg‘og‘ida, Afrosiyobning janubiy tomonida, Samarqand shahridan 18 kilometr janubda joylashgan. Shaharchaning umumiy maydoni 16 gektar bo‘lib, uch qismdan - ark, shahriston va rabotdan iborat edi. Ark o‘lchamlari 76x76 metr, balandligi 25 metrli kvadrat shaklida bo‘lib, tomonlari 360 metrni tashkil etgan. Rabotning esa katta qismi hozirda ekin maydoniga aylantirilganligi uchun uning aniq hajmi noma’lum.
Ushbu yodgorlikda 1991 yildan buyon dastlab Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya institutining arxeologiya guruhi, O‘zbekiston-Italiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi, hozirda esa O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi olimlari hamkorlikda qazishmalar olib bormoqda. Asosiy arxeologik qazishmalar shahar Arkida bajarildi. Ark uncha baland bo‘lmagan tabiiy tepalik ustida joylashgan bo‘lib, atrofi mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, to‘rt burchagida to‘rtta aylana minorasi bor. Arkning ichiga uning janubiy tomonida barpo qilingan osma ko‘prik orqali kirilgan. Arkning atrofida chuqur xandaq qazilgan va unda hamisha suv turgan. O‘n yildan ortiq vaqt mobaynida Arkning ichidagi ayvon, hashamatli zal, hukmdorga mo‘ljallangan taxtxona va boshqa inshootlar o‘rganildi. Bu yerda saqlangan madaniy qatlamlar asosan uch davrga mansub bo‘lib, birinchi davr VII-VIII asrlarga, ikkinchi davr VIII asrning ikkinchi yarmiga, uchinchi davr X-XII asrlarga oid.
Arkning birinchi qurilish davri VII asr oxiri VIII asrning birinchi yarmiga mansub. Bu davrda Kofirqal’a Arki gumbazsimon yo‘lakli devor bilan o‘ralgan saroy tarzida, o‘ta mustahkam monumental inshootga aylangan. Yo‘g‘on yog‘och ustunlar daraxtdan yasalgan tagkursilar ustiga o‘rnatilgan. Qazishmalar jarayonida shu narsalar ma’lum bo‘ldiki, Arkning ichi nihoyatda boy va rang-barang yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan. Yog‘ochlarda inson shakllari bilan birga, har xil o‘simliksimon hamda nafis geometrik naqshlar ishlangan.
Bulla – hukmdor muhri
Kofirqal’a Arkining birinchi qurilish davrini qazish paytida ko‘plab noyob osori-atiqalar qo‘lga kiritildi. Shulardan biri loydan yasalgan bullalardir (bulla – muhr, hukmdor yoki amaldor muhrining loydagi nusxasi). Bullalar o‘ta noyob arxeologik topilma bo‘lib, odatda hukmdor yoki yirik amaldorlarga aloqador yodgorliklarda uchraydi.
Masalan, teri yoki qog‘ozga yozilgan hujjat rulon shaklida o‘ralib, ma’lum joyidan teshilgan. Teshikdan ip o‘tkazilib, ipning ikki uchi pishitilgan xom loyda birlashtirilgan. So‘ngra loyga muhr bosilgan. Loy qurigach, hujjat kerakli manzilga jo‘natilgan. Har bir bullada muayyan xos tasvir bo‘lgan.
Qofirqal’adan topilgan bullalardagi tasvirlarni uch guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga odamlar tasviri, ikkinchi guruhga hayvonlar va qushlar tasviri, uchinchi guruhga tamg‘a yoki har xil geometrik tasvirlar tushirilgan. Odam boshi tasvirlangan bullalarda yozuv bitilgan bo‘lib, tasvir anchayin aniq ifodalangan. Ushbu bullalarni tahlil qilgan olimlarning fikricha, bu tasvirlarda hukmdor, vazir va yirik amaldorlarning asl qiyofasi aks ettirilgan.
Hayvonlar va qushlar tasvirlangan bullalarga kelsak, ularning syujetlari xilma-xil bo‘lib, Markaziy Osiyo hayvonot olamidagi deyarli barcha hayvonlarning tasviri uchraydi. Kofirqal’adan topilgan bullalarni o‘rganish shu narsani ko‘rsatadiki, VII-VIII asrlarda Samarqand Sug‘dida yashagan ajdodlarimiz dunyoning turli tomonlaridagi hukmdorlar bilan elchilik, siyosiy, madaniy va iqtisodiy aloqalar o‘rnatishgan. Pokistondagi Peshovar shahrida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar jarayonida bir noyob bulla topilgan edi. Fransuz arxeologlarining aniqlashicha, ushbu bulla aynan Samarqanddan, Kofirqal’adan jo‘natilgan ekan.
Panno yog‘ochdan
Kofirqal’aning birinchi qurilish davriga oid madaniy qatlamdan topilgan yog‘och panno haqida ham alohida to‘xtalish lozim. Bu yerdan topilgan yog‘och panno Sug‘d san’atining noyob namunasi hisoblanadi. Panno ikkita keng va qalin taxtani temir mixlar bilan o‘zaro birlashtirishdan hosil bo‘lgan. Pannoning sirtida har xil liboslarda, qo‘llariga turli xil asboblar, buyumlar va sovg‘a-salomlar ushlab olgan yuzlab odamlarning shakllari o‘yib ishlangan. Ushbu kompozitsiyaning asosiy syujeti – ma’budaga sig‘inish, sovg‘a-salomlar ehson qilish sahnasidan iborat.
Pannoning yuqori qismida, bemalol yotib olgan sher ko‘rinishidagi oltin taxt ustida o‘tirgan ma’buda Nana tasvirlangan. Uning boshida qanotli toj, bir qo‘lida aso, ikkinchi qo‘lida qandaydir buyum dastasini ushlab turibdi. Shuningdek, pannoda marosim paytida muqaddas “Avesto” kitobidan madhiyalarni musiqa jo‘rligida kuylayotgan sozandalar va musiqa asboblari aks ettirilgan. Sozandalar qo‘lida o‘sha davrlarda Sug‘dda keng tarqalgan chiltor, ud, qo‘bizcha, nog‘ora, sibizg‘a kabi musiqa asboblari mavjud. Ushbu musiqa asboblarining ko‘pchiligi Sug‘d sozandalari bilan birga Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Xitoy, Yaponiya va Koreya kabi davlatlargacha borgan va mashhur bo‘lgan. Shu o‘rinda aytish joizki, Yaponiyaning Nara shahridagi qadimgi ibodatxonada VII-VIII asrlarda imperatorga keltirilgan qimmatbaho sovg‘alar kolleksiyasida ikkita musiqa asbobi ham saqlanadi. Shu paytga qadar yapon olimlari ushbu musiqa asboblarining qayerdan keltirilganligini bilishmagan.
Kofirqal’adan topilgan pannoda aynan Yaponiyadagi musiqa asboblariga o‘xshash asboblar tasviri mavjud. Bugun yapon olimlari o‘zlarida saqlanayotgan ikkita musiqa asbobi aynan VII-VIII asrlarda Samarqanddan olib borilganligini tan oldilar. Ushbu noyob panno joriy yilning kuzida Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida jahonga namoyish etiladi.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Kofirqal’a Arki VIII asrning boshlarida yondirib yuborilgan. Shu tariqa boy va rang-barang devoriy suratlar, yog‘och o‘ymakorlik namunalari bilan hashamatli bezatilgan saroyning kuli ko‘kka sovurilgan, dunyoning turli tomonlaridan Kofirqal’aga olib kelingan noyob hujjatlar, yozishmalar yo‘q qilingan.
Ark ancha vaqt mobaynida xaroba ahvolda yotgan. VIII asrning o‘rtalariga kelib, kultepalik tekislanib, yana yangi inshootlar barpo qilingan. Endi bu yerga ko‘chib kelganlar islom dinini qabul qilgan aholi edi. Buni abbosiylar sulolasining birinchi xalifasi Abul-Abbos as-Saffoh hukmronligi davrida, hijriy 135 yili (milodiy 753 yil) zarb etilgan oltin tanga ham ko‘rsatib turibdi. Bundan tashqari, Kofirqal’aning ikkinchi qurilish davriga oid abbosiylarning 100 dan ortiq kumush tangalari ham topilgan.
Bu qurilish davri ham ko‘p faoliyat ko‘rsatmadi va u IX asrning boshlariga kelib, vayron qilindi. Oradan yillar o‘tib, X-XIII asrlarda Kofirqal’a Arkida yana odamlar istiqomat qilishgan. Ammo bu asrlarda qurilgan yangi inshootlar mustahkam bo‘lmaganligi, vaqtinchalik xarakterga egaligi ma’lum bo‘ldi.
Ochiq osmon ostidagi muzey
Kofirqal’a shaharchasi mahobati, me’morchilik yechimlari bilan Buxoro hukmdorlarining qarorgohi - Varaxsha yodgorligiga juda o‘xshaydi. X asrda Samarqandga kelgan arab geografi Ibn Xavqalning yozishicha, Samarqand hukmdorlarining shahar chekkasidagi qarorgohi Rivdad degan manzilda bo‘lgan. Sayyoh bu yerga tashrif buyurganida Rivdad anchayin xaroba holda yotgan. Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, Samarqand hukmdorlari bu yerga kelib, Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlaganlar. Bunday bayramlarda hukmdorga qimmatbaho sovg‘a-salomlar in’om etilgan. Manbalardan ma’lumki, bu yerda ajdodlar ruhiga bag‘ishlangan yirik ibodatxona mavjud bo‘lib, yilning oltinchi oyida ajdodlar ruhiga bag‘ishlab qurbonliklar qilingan.
VIII asrning boshlarigacha Kofirqal’a Samarqand hukmdorlarining shunchaki qarorgohi bo‘lmay, balki bu yerda alohida umumdavlat ahamiyatiga molik tantanalar, marosimlar, bayramlar hamda qabullar o‘tkaziladigan muhim maskan bo‘lgan.
Shunday ekan, ushbu yodgorlikni saqlash, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish, shu orqali ilk o‘rta asrlardagi Samarqand hukmdorlari saroyining asl qiyofasini sayohlarga namoyish qilish maqsadga muvofiq.
Ayni kunlarda Kofirqal’ada italiyalik hamkasblar bilan hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda va yangi noyob topilmalar ustida ishlanmoqda.
Amriddin Berdimurodov,
Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining yetakchi ilmiy xodimi, Kofirqal’a ekspeditsiyasi rahbari.