Kofirqal’adan topilgan panno ilk bor namoyish etildi

Bugun Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida «O‘zbekiston voha xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» nomli ko‘rgazma tashkil etildi.

2022-2023 yillarda Fransiyaning Luvr muzeyida O‘zbekiston tarixining turli davrlariga oid 169 dona eksponat namoyish qilingan edi. Ularning aksariyati Samarqand muzey fondlariga tegishli. Ashyolarning barchasini namoyish etish imkoni yo‘qligi sababli, ularning 48 tasi ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Tashkilot fondiga tegishli «Saklar dubulg‘asi» hamda «Isiriqdon» joriy yilning aprel oyidan boshlab Berlindagi Jeyms Simon galereyasida va Yangi muzeyda namoyish qilinmoqda.

«Elchilar zali devoriy surati parchasi» Afrosiyob muzeyida o‘z joyiga o‘rnatilgan. O‘zbekistonning boshqa fondlaridan olib borilgan ashyolarning analoglari imkon qadar muzey-qo‘riqxona fondidan, 2 dona ashyo esa Samarqand arxeologiya instituti fondidan olingan. Ko‘rgazmada tomoshabinlarga ushbu eksponatlar namoyish etilmoqda.

Shuningdek, ko‘rgazmada Kofirqal’adan topilgan panno birinchi marta namoyish etildi.

- Ko‘rgazma 3 bo‘limdan iborat, - deydi «Samarqand» muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. – Birinchi bo‘lim Sug‘d madaniyati, ikkinchisi IX-XII asrlar davri madaniyati va san’ati, uchbnchisi esa Temuriylar davri madaniyati va san’ati deb nomlandi. O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining qoq markazida joylashganligi sabab hududda dunyo xalqlari tomonidan madaniy sohada uzoq tarixiy davr mobaynida yaratilgan eng sara yutuqlarni o‘zida jamlagan madaniyat shakllandi. O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi «madaniyat tarixi» profiliga ega bo‘lganligini hisobga olsak, Buyuk ipak yo‘lida yuzaga kelgan va bir nuqtada jamlangan simbioz madaniyatning bizgacha yetib kelgan eng nodir namunalarini bir joyga jamlash va namoyish etish naqadar muhimligi oydinlashadi.

Ta’kidlash joizki, xorijiy davlatlarda tashkil etilgan yurtimiz tarixi va madaniyatiga doir barcha ko‘rgazmalarga tomoshabinlarning qiziqishi yuqori. Jumladan, Xitoyda Osiyo o‘yinlari munosabati bilan namoyish qilingan ko‘rgazma ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Faoliyatim davomida O‘rta Osiyo tarixiy madaniyatining «yuragi» mamlakatimiz ekanligiga ko‘p bor ishonch hosil qildim. Sababi, eng sara namunalar aynan bizning hududdan topib o‘rganilgan.

Ko‘rgazmada muzeyshunos olimlar, soha mutaxassislari, OAV vakillari hamda tarix ixlosmandlari ishtirok etdi.

Jasurbek ShUKUROV.