Xalqaro hamkorlar Samarqandda

Bir necha kun oldin poytaxtda Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikka ko‘maklashish markazi ochildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kolumbiya universiteti, UNICEF va boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan markaz ijtimoiy xizmatlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishi, xodimlarning kasbiy rivojlanishi uchun samarali dastur va metodikalar ishlab chiqishi belgilangan.

Bugun mazkur hamkor tashkilot vakillari va markaz mutaxassislari Samarqand shahriga kelib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar, unda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat turlari va sifati bilan tanishdi.

Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi professor-o‘qituvchilari ijtimoiy xodimlar faoliyatiga alohida qiziqish bildirdi.

Ta’kidlash joizki, Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan aholiga 98 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan vaqtida 10 mingdan ziyod murojaat qabul qilinib, ular asosida 786 ta keys ochilgan. 34 nafar fuqaro yolg‘iz keksalar reyestriga olinib, shu yo‘nalishdagi amaliy ishlar natijasida 91 nafar fuqaro undan chiqarilgan. 64 nafar ijtimoiy xodim aholiga joyiga chiqqan holda xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

— Yurtimizda ijtimoiy xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, xalqaro mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lyapti, - deydi Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi direktori Sardor Musayev. – Yangi tashkil etilgan markaz fikrimning isbotidir. Samarqandga ham bejiz kelmadik. Bu yerda olib borgan o‘rganishlarimiz natijalari ijtimoiy xizmatlar sohasidagi xalqaro hamkorligimizning keyingi strategiyasi, xususan, markazimiz faoliyatini tashkil etish uchun ham asos bo‘ladi.

Kuning ikkinchi yarmida mehmonlar uchun Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohati tashkil etildi.