Komilxon Kattayev: Marg‘inoniyning qabri Xatirchida ekani ilmiy asoslanmagan

Nihoyat, 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fond granti asosida "Chokardiza" qabristonining mukammal tadqiqi va buyuk huquqshunos Imom Burhoniddin Marg‘inoniy qabri o‘rnini qadimiy manbalar asosida aniqlash, hayoti va faoliyatiga doir kitob chop etish ishlariga kirishildi. Natijada joriy yil "Imom Marg‘inoniy va Chokardiza tadqiqotlaridagi xatoliklar islohi" nomli asar nashr qilindi va allomaning qabr o‘rni qadimiy yozma manbalar asosida isbotlandi. Tadqiqot natijalari Akmal Saidov, Abdulaziz Mansur, Ubaydulla Uvatov, Zohidulla Munavvarov kabi ustoz olimlar, diniy ulamolar, mas’ul idoralar tomonidan tasdiqlandi.

Marg‘inoniy qabrining Xatirchida ekanligi bilan bog‘liq ma’lumot faqat taxmin, deb hisoblashga asosimiz bor.

O‘zim "Chokardiza" qabristonidan 100 metrcha uzoqlikdagi hovlida tug‘ilib o‘sganman. Ilmiy faoliyatimning asosiy qismini shu maskanni o‘rganishga bag‘ishladim. Shunga qaramay, mavzeni yaxshi bilaman, deyishdan hamma vaqt tiyilaman. Bobom, Naqshbandiya tariqatining so‘nggi murshidlaridan biri Kattaxonto‘ra Dahbediy (1868-1969 yillar) Chokardizadagi Imom Moturidiy va Marg‘inoniylarning qabrini XIX asr oxirida ziyorat qilgan. XX asr boshida ushbu qabrlar ustiga uylar qurilganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ekan. Lekin bobom o‘limidan oldin bizga qabrlar o‘rnida qurilgan hovlini ko‘rsatgan, xolos. O‘sha davr samarqandlik olimu zariflar ham bu qabrlarning aniq joyini qurilishlar sabab esdan chiqarishgan.

Shunga qaramasdan, Chokardiza mavzesi geodeziya, kartografiya nuqtai nazaridan chuqur o‘rganildi, yurtimizning nufuzli olimlari barcha manbalarni tekshirib chiqishdi. Izlanishlar davomida mamlakatimiz va xorij kutubxonalaridagi yuzlab qadimiy qo‘lyozmalar o‘rganildi.

Chamasi, xatirchilik mulla sobiq ittifoq davrida vayron qilingan "Chokardiza" qabristoni daragini eshitib, ziyoratga kelgan va qadamjo o‘rnida uylar qurilgani tufayli birorta alloma qabrini topolmagan. Tabarruk sifatida taxminiy joydan tuproq yoki suyaklar qoldiqlarini yig‘ib, Xatirchiga olib borib, ramziy sag‘ana qurdirgan bo‘lishi mumkin. Vaqt o‘tib, mullaning farzandlari yoki shogirdlari bu ramziy sag‘anani imomning qabri, deb e’lon qilgan ko‘rinadi.

Komilxon KATTAYeV,

tarixchi.