Komissiya a’zolariga guvohnomalar topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7–Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda okrug hududida saylovga tayyorgarlik jarayonlari, saylov komissiyalari a’zolarining vazifalari va ayni paytda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

7–Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi Farmon Toshev Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida 18-19 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘tkazilgan o‘quv seminarida qayd etilgan masalalar haqida so‘z yuritdi. Prezidentlik sayloviga taalluqli bo‘lgan normativ huquqiy hujjatlarni saylovchilarga yetkazish hamda saylov o‘tkazish tartibi haqidagi masalalarga e’tibor qaratdi.

Yig‘ilishda komissiya a’zolariga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Saylov uchastkalarini tuzadi, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi. Uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi. Saylov uchastkalarining joylashgan joyi haqida saylovchilarni xabardor qiladi. Uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi. Nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi.

Shuningdek, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi. Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi. Saylovchilar ro‘yxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi.

Yig‘ilishda komissiyaning ish rejasiga muvofiq galdagi tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.