Kommunal tarmoqlarga ulanish yanada soddalashtirildi
Nabi BOYNAZAROV,
Past Darg‘om tumani.
– Darhaqiqat, yuridik va jismoniy shaxslarni elektr, gaz, issiqlik va suv ta’minoti hamda suv chiqarib tashlash tarmoqlariga ulash davlat xizmatlari ko‘rsatish idoralari orqali amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi "Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2018 yil 1 apreldan boshlab siz kabi iste’molchilar elektr, gaz, issiqlik va suv ta’minoti tarmoqlariga ulanish uchun davlat xizmatlari markazlariga murojaat etadi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Jumladan, siz zarur ma’lumotlarni rasmiylashtirgan va so‘rovnomaga kiritgandan so‘ng uni o‘z elektron raqamli imzongiz bilan tasdiqlaysiz. Elektr, gaz, issiqlik va suv ta’minoti tarmoqlariga ulanishda sizdan davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmatlari markazi rasmiylashtirilgan elektr, gaz yoki suv ta’minoti shartnomasi tushgandan so‘ng bir soat ichida bu haqda sizni axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali xabardor qiladi. Shundan so‘ng hujjatlarni olib, mutaxassislar ishtirokida tarmoqqa ulanib, faoliyatingizni davom ettirasiz.
Ikrom MAXSUMOV,
"O‘zdavneftgazinspeksiya" viloyat bo‘limi bosh texnologi.