Kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynash bola rivojlanishini kechiktiradimi?

Avvalo, bugungi texnologiya asrida bolani kompyuterdan qaytarishning o‘zi bir qoloqlikning ko‘rinishi, hatto kopmyuter o‘yinlari masalasida ham. Chunki bugungi kunda bola dunyoqarashini rivojlantiradigan o‘yinlar soni soat sayin ko‘paymoqda. Ammo har qanday foydali narsaning me’yordan oshishi zararkeltirishi bor gap. Maqolada shu haqda so‘z yuritiladi.

Keyingi yillarda yurtimizda ham "kompyuterga qaramlik", degan ibora ishlatila boshladi. Xitoy, AQSh va Yevropaning ba’zi mamlakatlarida 2015 yilgi voqeadan keyin bu qaramlikka jiddiy qarab, uni kasallik sifatida davolash yo‘lga qo‘yilgan. O‘shanda bir maktab o‘quvchisi kompyuter o‘yiniga mukkasidan ketganligi sababli vafot etgandi.

Bugun oddiy qo‘l telefoni ham kompyuterlar o‘rnini bosadi. Tartib va me’yorga amal qilinmasa, ular kompyuterdanda zararli bo‘lishi mumkin. Afsus, ba’zi ota-onalar buni tushunmaydi va farzandini o‘z qo‘li bilan “qaramlik” sari yetaklaydi.

Aytish joizki, kompyuter o‘yinlari bolani rivojlantirmaydi. Amerika pediatriya uyushmasining ta’kidlashicha, kompyuter o‘yinlari va mobil gadjetlar bu jarayonni aksincha, sekinlashtiradi. Bolani muloqot, suhbat, qo‘li bilan ushlash, his etish, eshitish, ko‘rish kabi tuyg‘ular rivojlantiradi. Bu davrda u ko‘proq vaqtini virtual emas, balki moddiy hayotni o‘rganish, tengqurlari bilan o‘ynash bilan o‘tkazishi kerak.

Shuningdek tadqiqotlar 10-12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning kompyuterda haddan tashqari ko‘p o‘tirishi ularda asab buzulishiga olib kelishini ko‘rsatmoqda. Bu uning ortiqcha charchashi, boshi og‘rishi, uyqusining buzilishi, kayfiyatining tushishi yoki o‘ta passivligi, xayoli parishonligi kabi belgilar orqali namoyon bo‘ladi. Oqibatda ular jamiyatga moslasha olmaydi, oddiy muloqot ham ular uchun murakkab ishdek tuyuladi.

Albatta, bugungi zamonda bolani mobil gadjed yoki kompyuterdan butunlay ayirib qo‘yishning imkoni yo‘q. Ayni vositalar kundalik hayotimiz, o‘qish, ish, turmushimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Shunday ekan, undan to‘g‘ri foydalanishimiz va farzandlarimizga ham shuni o‘rgatishimiz zarur. Virtual olamning bolaga salbiy ta’sirini minimallashtirish uchun esa quyidagi maslahatlarga amal qilish kerak:

Avvalo, bola maktabga chiqmagunicha kompyuterdan foydalanmasligi, xonadoningizda kompyuter bo‘lsa, unda o‘yin saqlamaslik lozim. Albatta, til o‘rgatuvchi yoki bilim beruvchi o‘yinlar bundan mustasno. Ularo aksincha, bola zehnini rivojlantiradi. Maktab yoshida ham bolaning kompyuterdan foydalanish vaqti chegaralangan bo‘lishi lozim.

Tegishli qurilmalar Internet tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, ayrim saytlarga blokator o‘rnatish yodingizdan chiqmasin. Internetda bolaning dunyoqarishi buzadigan minglab saytlar mavjud va u mazkur saytlarga o‘zi bilmagan holda kirib qolishi mumkin. Va eng asosiysi, o‘zingiz kompyuter o‘yinlarini o‘ynab, turli saytlarga kirib, salbiy namuna ko‘rsatmang. Aksincha, bola bilan birga foydali sayt va dasturlarda ishlang, uning ijobiy jihatlarini ko‘rsating.

Aziza RAHMONOVA,

Samarqand shahar bolalar shifoxonasi shifokori, oliy toifali fizioterapevt.