“Ko‘ngli bo‘sh qaroqchi” jazosini oldi

31 yoshni qoralagan Rahim Mo‘minov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) muqaddam uch bor qamalib chiqqan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmadi. Dastlabki jinoyatini 20 yoshida sodir qilib, Chilonzor sudida sudlandi, keyinchalik ikki bor o‘g‘irlik qilgani uchun Yunusobod sudida jazosini oldi.
...Sadriddin Eshquvvatov 2019 yil 11 may kuni tungi soat 02:30larda, “Matiz” rusumli mashinasida kira qilib yurardi. Oldiga bir yo‘lovchi kelib vaqti bo‘lsa, Toshkentni aylantirishni so‘radi.
Haydovchiga nima, puli bo‘lsa, “Xirotga obor”, demaydimi - oboradi. Shu bois yo‘lovchini mashinasiga mindirib oldi. Poytaxtning shahar klinik shifoxonasiga yaqin Mannon Uyg‘ur ko‘chasiga kelganlarida ikki kishining urishayotganligini ko‘rib qolishdi. O‘zbekchilik, haydovchi mashinasini to‘xtatib, ularni ajratmoqchi bo‘ldi.
Ikki yigit bir-biri bilan yoqalashardi.
Sadriddin ularni ajratgach, biri boshqa mashinaga o‘tirib jo‘navordi. Ikkinchi yigit esa shifoxonaga kirib ketdi.
Haydovchi va yo‘lovchi mashinaga o‘tirishdi.
Shu payt ularning oldiga “qahramonimiz” Rahim kelib, nimaga janjal bo‘layotganini so‘radi.
- Nimanidir bo‘lisholmadilar shekilli, - tusmollab javob berdi Sadriddin.
- Mashinaga o‘tirsak bo‘ladimi? – so‘radi Rahim.
- Chiqing, - dedi haydovchi.
Rahim mashinaning old o‘rindig‘iga o‘tirib oldi. Ular bir oz suhbatlashib turishdi.
Bu orada shifoxonaga kirib ketgan yigit chiqavermadi. Nima gapligini bilish uchun Sadriddin shifoxonaga kirib ketdi...
Chiqib qarasaki, yo‘lovchilar ham yo‘q, mashinasi ham. Nima qilish kerak? Bir oz kutdi. Hech bo‘lmagandan keyin 02 ga qo‘ng‘iroq qildi.
Oradan chamasi ikki soat o‘tib, mashinasi g‘ildiragi teshilgan holda Zulfiyaxonim ko‘chasidan topilganini xabar qilishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rahim haydovchini bir oz kutgach, orqada o‘tirgan yo‘lovchi uni Duboviyga olib borishini iltimos qilgan, go‘yoki “ko‘ngli bo‘shlik” qilib, mashinani mast holda haydab ketgan. Ertasi kuni uni ichki ishlar bo‘limi xodimlari olib ketishgan.
Sud aybdorga jazo tayinlashda sudlanuvchining aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy va moddiy sharoiti, qaramog‘ida keksa yoshdagi onasi borligi, oilasining yagona boquvchisi ekanligi, ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar qaytarilganligi, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini va yengillik berish haqidagi iltimosini inobatga oldi.
R.Mo‘minov O‘zbekiston Respublikasi JK 267-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topildi va JKning 57-moddasi qo‘llanib, 2 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini oldi.
Abdulla ABDULXAYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi sudyasi.