Konstitutsiya kunini nishonladik, faqat biroz boshqacha
Samarqand shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Faqat odatdagidan biroz boshqacha.
Karantin sabab bu yilgi tadbirga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 250 nafarga yaqin vakillar taklif etildi.
Tadbir avvalida davlatimiz madhiyasi harbiy orkestr yordamida Samarqand davlat universitetining “Guldasta” xor jamoasi tomonidan ijro etildi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov marosim ishtirokchilari va ular orqali butun viloyat ahlini bayram bilan tabrikladi.
- Konstitutsiyamizning bosh maqsadi - xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratishdan iborat, - dedi E.Turdimov. - Shuning uchun qabul qilinayotgan yil dasturlari Konstitutsiyamiz normalari va aholining ehtiyojidan kelib chiqib belgilanmoqda. Misol uchun, 2020 yil – Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida viloyatimizda investitsiya dasturi asosida 122 ta ijtimoiy soha ob’yekti qurildi va rekonstruksiya qilindi. Jumladan, 47 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 50 ta umumta’lim maktabi, 17 ta sog‘liqni saqlash muassasasi foydalanishga topshirildi. Qorasuv massivida 773 ta oila yangi uyga ko‘chib o‘tdi.
Tadbirda viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan buyuk bobolarimiz siymosi aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shoirlar Bosh Qomusimizni, Vatanni madh etuvchi she’rlar o‘qidi. Yosh iste’dod egalari va taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari ishtirokchilar ko‘ngliga ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Ahamiyatlisi, tadbir davomida fonogrammadan foydalanilmadi.
***
Sana munosabati bilan Samarqand davlat universitetida ham tadbir tashkil etildi.
- Bosh Qomusimiz qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tadbir «Yoshlarga oid davlat siyosati targ‘iboti haftaligi» doirasida o‘tkazilgani ahamiyatlidir, - deydi universitet yoshlar yetakchisi Otabek Sa’dullayev. – Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirga Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi harbiy xizmatchilarini taklif etdik. Ular tomonidan tayyorlangan jangovar chiqishlar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi talabalarga manzur bo‘ldi.