Konstitutsiya — qonunlarimiz asosi

Ayni kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilmoqda.

Samarqand viloyati sudida tashkil etilgan “Konstitutsiya — qonunlarimiz asosi, xalqimiz baxt-saodatining kafolati” mavzusidagi tadbir ham shu maqsadga qaratildi. 

Tadbirda viloyat sudi tizimidagi barcha sudlar sudyalari ishtirok etdi. Viloyat sudi raisi O.Hayitov tadbirning ahamiyati, dolzarbligi va mohiyatini tushuntirdi. 

Qayd etilganidek, Konstitutsiya – istiqlol va mustaqil O‘zbekiston ramzi, g‘urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan millati, dini, irqi, tilidan qat’i nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi dasturilamal hujjatdir. Bugungi islohotlar davrida uni yanada takomillashtirishga, o‘zgartirishga katta ehtiyoj sezilmoqda. Shuningdek, yangi qonun loyihasida sudlar faoliyatiga aloqador yangiliklar ham borligi ta’kidlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi o‘rinbosari Bekzod Jumaboyev, viloyat sudi sudyalari R. Imomov, N. Yusupov yangi qonun loyihasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni bandma-band izohlab berdi.

O‘z navbatida, tadbir ishtirokchilari ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga bir qator takliflarini berdi, o‘z munosabatlarini bildirdi.

Marat Ergashev,

Samarqand viloyat sudi sudyasi.