Konstitutsiyaga taklifim bor: Davlat tilining maqomi oshirilishi zarur
Davlat tilining maqomini oshirish O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining asosiy g‘oya va vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Bosh qomusimizning 4-moddasiga qo‘shimcha kiritish taklifini bildirmoqchiman.
Mazkur moddada O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili o‘zbek tili ekanligi alohida belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odati va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qonuniy mustahkamlangan. Lekin davlat organlari, idoralari, tashkilot va muassasalarda ish yuritish o‘zbek tilida olib borilishi shartligi ko‘rsatilmagan. Natijada, oradan o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, ko‘pgina idora va tashkilotlarda me’yoriy hujjatlar, ish yurituvi hamon boshqa tillarda olib borilmoqda. Bu esa ma’lum ma’noda tilimizning kamsitilishiga, nufuzining tushishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga “Barcha davlat organlari, idoralari, tashkilot va muassasalarida ish yurituvi o‘zbek tilida olib borilishi shart”, degan qo‘shimcha kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, jumladan, men ham ushbu taklif orqali yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 ga yaqin turli millat va elat vakillarining o‘z tillarida so‘zlashishi, xohlagan diniga e’tiqod qilishiga hech qanday monelik qilmagan holda davlat xizmatchilarining o‘zbek tilini bilishi hamda ish yuritish hujjatlari ona tilimizda olib borilishi tarafdoriman.
Til – bu millatning ma’naviy boyligi. U nafaqat muomala, balki xalq madaniyati, urf-odati, turmush tarzi, tarixini ifodalovchi o‘ziga xos muhim vosita hamdir.
Akbar Axtamov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi.