Konstitutsiyaga taklifim bor: Islohotlar mahalliy Kengashlar vakolatlariga ham daxldor

Yaqinda davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda mahalliy Kengashlar faoliyatiga alohida urg‘u bergani biz deputatlarga katta mas’uliyat yukladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratishdir, deb ta’kidladi Prezident. Barchangizga ma’lumki, bu g‘oyani men avval ham bir necha marta ilgari surgan edim. Amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi. Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti keldi, deb hisoblayman. Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi.

Davlatimiz rahbari taklif etgan bu g‘oya amalga oshirilishi natijasida mahalliy Kengashlar vakolatlari kengayadi. Aslida, xalq noiblari - deputatlar faol bo‘lsa, boshqa jamoat tuzilmalari ularga qarab andoza oladi. Jamiyat hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qiladi.

Qolaversa, taklif etilayotgan g‘oya ijro hokimiyati faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida joylardagi ijtimoiy muammolarni tizimli hal etishga, eng asosiysi, huquqlar va imkoniyatlar tengligiga real sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Umuman, rivojlangan davlatlar amaliyotidan ma’lumki, jamoatchilik nazorati kuchayishi, qolaversa, hokimiyatlar bo‘linish prinsiplarining to‘la hayotga tatbiq etilishi faqatgina jamiyat rivojiga xizmat qiladi.

Uchrashuvda bildirilgan fikrlardan xulosa qilish mumkinki, amalga oshirilayotgan islohot aniq maqsad va hisob-kitoblarga asoslangan reja asosida amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, birgina Kengashlarga raislik qilish taklifini olaylik. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish haqida gap ketganda, ayrimlar bunga qarshi bo‘lib, ba’zilar e’tiroz bildirgani ham rost. Ammo bugungacha amalga oshirilgan islohotlar natijalari va bugungi kun voqeliklari bunga zarurat tug‘ilayotganini ko‘rsatmoqda. Shu sababli viloyatimiz deputatlari masala mohiyatini to‘g‘ri tushungan holda Konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘z saylovchilarining takliflarini umumlashtirmoqda.

Zafar Karimov,
O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri.