Konstitutsiyaga taklifim bor: Vazirlarga ham ishonchsizlik votumi bildirilishi kerak
O‘zbekistonda xalqimiz uchun yangi hayotiy maqsadlarni o‘zida aks ettirgan yangilangan konstitutsiyani qabul qilish bugunning talabi bo‘lmoqda.
Nikoh haqidagi modda o‘zgarishi kerak
Konstitutsiyamizning 63-moddasida “Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deyilgan. Ushbu moddani “Nikoh erkak va ayolning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deb o‘zgartirishni taklif etamiz. Ushbu moddaga o‘zgartirish kiritilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasida oila faqatgina aholining milliy qadriyatlari, dini, e’tiqodi va milliy hamda tarixiy madaniyatidan kelib chiqqan holda shakllanishi etirof etilgan holda, bugungi kunda butun dunyoda, shu qatori O‘zbekiston Respublikasida ham oila qurish borasida yuzaga kelayotgan turli xil fikrlarning xilma-xilligiga (g‘arbcha plyuralizmga) barham beriladi.
Hokimlar saylov orqali saylansa
Konstitutsiyamizning 102-moddasini quyidagi tartib bilan o‘zgartirishni vaqt taqozo etmoqda. Ya’ni, “Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishliligiga qarab, viloyat, tuman va shahar hokimlari boshqaradi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari fuqarolar tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov xuquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Hokimlarni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi”.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari fuqarolar tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanishi ko‘plab rivojlangan davlatlarda amalda hamda bu jarayon demokratik jamiyat qurishning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, mazkur o‘zgartirish bilan xalq hokimiyatchiligi tamoyili o‘zining asl ifodasini topadi.
Jamoat birlashmalari faoliyati qanday cheklanadi?
Konstitutsiyamizning 62-moddasida “Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi”, deb belgilangan. Ushbu modda “Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish uning yuqori organi qaroriga binoan yoki sud qarori asosidagina amalga oshiriladi”, deya belgilanishi maqsadga muvofiq.
Sababi, "Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasida nodavlat notijorat tashkilotini tugatish uning yuqori organi qaroriga binoan yoki sud tartibida amalga oshirilishi qayd etilgan. Ushbu normaga asosan, Konstitutsiyaga ham nodavlat notijorat tashkilotlarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish uning yuqori organi qaroriga binoan yoki sud tartibida amalga oshirilishi tartibini joriy qilish lozim.
Konstitutsiyamizning 98-modda 12-qismi esa quyidagi tartibda o‘zgartirilishi tarafdorimiz: “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Alohida vazirlar va davlat qo‘mitalari raislariga nisbatan ham ishonchsizlik votumi bildirilishi mumkin.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati azolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi”.
Alohida vazirlar va davlat qo‘mitalari raislariga nisbatan ham ishonchsizlik votumi bildirilsa, faqat ishonchsizlik votumi bildirilgan vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari iste’foga chiqadi. Ijroiya hokimiyati markaziy organlari ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi.
Otabek Toshniyozov,
viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Samarqand viloyat yuridik
texnikumi direktori.