Konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kabi savollar atrofida fikr yuritdi.

“Albatta, o‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy qiyofasi tubdan o‘zgardi, - dedi Prezident. - Olti yil oldingi xalqimiz bilan bugungi yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘rtasida katta farq bor.

Insoniyat ilmiy-texnologik davrga qadam qo‘ydi. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlari va raqobat kuchaymoqda.

Ertangi kunini o‘ylagan xalqlar va davlatlar o‘z kelajagi haqida bugun har qachongidan ham jiddiy bosh qotirmoqda.

Bu o‘rinda tabiiy savollar tug‘iladi. Mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning o‘rni va qadri qanday?

Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi?

Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi?

Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir.

Ma’lumki, Asosiy qonunimizning 12-moddasida hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi qayd etilgan.

Bu – o‘ta muhim va juda to‘g‘ri belgilangan konstitutsiyaviy qoidadir.

Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati – Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin.

Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim.

“Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur.

Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak".