Konstitutsiyaviy shikoyat instituti qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi

Odatda ayrim kishilarda yuqori instansiyalarga murojaat qilganlarga nisbatan bepisandlik munosabati kuzatiladi. Nima emish, masala baribir aniq ijrochilar yoki muayyan organ tomonidan hal etiladi-ku!

Vaholanki, bunday emas. Basharti, shunday bo‘lganida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga “fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli”, degan norma kiritilmagan bo‘lardi.

Ta’kidlash lozimki, shu paytgacha qayd qilingan sudga faqatgina qonun tashabbuskorligi huquqiga ega sub’yektlargina murojaat qilishi mumkin edi.Shubhasiz, Bosh qomusimizga kiritilgan yangi norma mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Galdagi masala esa mazkur institutni amalda qo‘llash, bu boradagi huquqiy mexanizmini tartibga solishdan iborat.

Bu qanday amalga oshiriladi?

25-26 may kunlari Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari» mavzuida tashkil etilgan xalqaro konferensiya konstitutsion normaning mezoni va maqbulligimni mustahkamlashda muhim omil bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zotan, uni tashkil etishdan maqsad yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatga to‘liq va xolis ma’lumot yetkazishdan iborat.

Shuningdek, Bosh qomusimizda ilk bor belgilangan konstitutsiyaviy shikoyat institutini rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlarining amaliyoti bilan tanishish hamda Venetsiya komissiyasi va unga a’zo mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov, Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) prezidenti Kler Bazi-Malori, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori A.Saidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisining hamkorlik bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Vim Riyepma kirish so‘zi bilan ochdi.

Darvoqe, tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) hamkorligida o‘tkazildi.

Butunlay yangilik emas

Konferensiya ishtirokchilariga ko‘ra, konstitutsiyaviy shikoyat mamlakatimizda shu paytgacha ham amalda bo‘lgan va turli rakurslarda tadqiq qilingan. Masalan, o‘tgan yil 31 may kuni Konstitutsiyaviy sud qonundagi normani Konstitutsiyaga zid deb topgan. Jarayon qanday kechgan?

Fuqaro M.Hasanovaning shikoyati asosida 2021 yil 21 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning 55-moddasi 12-bandidagi Fuqarolik kodeksining 83-, 166-, 198-, 199- va 206-moddalariga tegishli qismi hamda Fuqarolik kodeksi 197-moddasining mulk huquqi “... mulk huquqini bekor qiluvchi qonunchilikka asosan bekor bo‘ladi” degan qismi Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topildi.

To‘g‘ri, bu biror qonunni Bosh qomusga zid deb topish bo‘yicha O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudining ehtimolki, bir necha yillar ichidagi ilk qarori bo‘ldi.

Umuman, 1995-2001 yillar davomida Konstitutsiyaviy sud fuqarolardan 2000 dan ko‘proq xat va iltimosnomalarni qabul qilgan. Murojaatlar, asosan, ijro hokimiyati qarorlari hamda hujjatlarining konstitutsiyaga muvofiqligini belgilash bilan bog‘liq bo‘lgan.

Aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida konstitutsiyaviy shikoyat bilan murojaat etish tartib-taomili mavjud bo‘lgan. Biroq uni ko‘rib chiqish tartib-taomili juda murakkab bo‘lib, bu esa protsessning cho‘zilib ketishiga olib kelgan.

Bu borada 2021 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunda bir qator konseptual yangiliklar o‘z aksini topgan.

Konstitutsiyaviy shikoyatning boshqa davlat organlari va umumyuridiksiya sudlariga berilgan shikoyatlardan farqli xususiyatlari shundaki, bunday shikoyat kim tomonidan berilganidan qat’iy nazar uni ko‘rib chiqish natijasida chiqarilgan sud qarori barcha fuqarolarga, tegishlicha davlat organlari va boshqalarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Shu jihatdan, mazkur institut bir vaqtning o‘zida jamiyatda inson huquq va erkinliklarini kafolatlash va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Amaliyotda jarayon kimda qanday?

Rim huquqida Actio popularis sifatida shaxsning jamiyat manfaatlari uchun harakatlari tushunilgan. Har bir shaxs normativ-huquqiy hujjat e’lon qilingandan so‘ng konstitutsiyaviy shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga ega, bunda asosiy huquq va erkinliklari buzilganligi fakti asosiy mezon emas.

Mazkur Konstitutsiyaviy shikoyat Lixtenshteyn, Malta, Peru, Chili, Vengriya va Gruziyada qonun ustuvorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

Xorijiy amaliyotda normativ konstitutsiyaviy shikoyat turi ham qo‘llaniladi. Bu turdagi individual konstitutsiyaviy shikoyatda har bir shaxs o‘zining sub’yektiv huquqlari normativ hujjat asosida qabul qilingan individual hujjat oqibatida buzilishi ustidan shikoyat berishi mumkin.Normativ shikoyatlar Armaniston, Belgiya, Polsha, Qirg‘iziston, Latviya, Monako va boshqalarda mavjud.

Umuman, Germaniyada so‘nggi yillarda har bir senatga 2 mingdan 2,5 minggacha shikoyatlar taqdim etilgan. Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari qonunchiligida konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etilgan.

Ozarbayjonda har bir shaxs qonunda belgilangan tartibda huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunchilik va ijro hokimiyati organlarining normativ hujjatlari, sud va munitsipalitlarning hujjatlarini yuqori yuridik kuchga ega qonun hujjatlariga muvofiqlilik masalasi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilishlari mumkin. Qonunchilikka muvofiq shikoyat predmeti barcha normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek sud hujjatlari hisoblanadi.

Qirg‘iziston Respublikasida ham to‘liq konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etilgan. Ushbu davlatda konstitutsiyaviy shikoyatning actio popularis modeli joriy etilgan bo‘lib, har bir shaxs agar ularning konstitutsiya bilan e’tirof etilgan huquq va erkinliklari qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat bilan buzilgan, deb hisoblasa nizolashishga haqlidir.

Bir so‘z bilan aytganda, rivojlangan demokratik davlatlarda Konstitutsiyaviy sudlar tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.

Bizda-chi?

O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sohasidagi islohotlarni Konstitutsiyaviy sudning faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biroq ta’kidlanganidek, avvallari konstitutsiyaviy shikoyat tushunchasi qonunda foydalanilmagan. Faqatgina 2020 yildagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida konstitutsiyaviy shikoyat atamasidan foydalanilgan.

2021 yil 28 apreldan kuchga kirgan kirgan yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonun bilan kiritilgan o‘zgartishlar tom ma’noda Konstitutsiyaviy sudning ham davlat organi sifatida, ham sud hokimiyati organi sifatida «jonlanishiga» xizmat qiladi.

Qonunda “fuqarolar va yuridik shaxslarga muayyan ishda qo‘llangan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilgani yuzasidan shikoyat” jumlasi qo‘llanilgan.

Ta’kidlanganidek, muayyan ishda qo‘llanilgan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan fuqarolar murojaat qilgandi Konstitutsiyaviy sud masalaning ikki jihatini o‘rganishga e’tibor qaratadi. Birinchidan, fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlari qonun bilan buzilganligi holatini aniqlaydi.

Ikkinchidan, mazkur qonun yoki uning bir qismini Konstitutsiya prinsiplari va normalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tekshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakillarining ta’kidlashicha, qayd etilgan institut joriy etilgandan keyin 2,5 mingga yaqin shikoyat kelgan.

Farqli jihatlarimiz bor

Xalqaro konferensiyada qayd qilinganidek, fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqlari bo‘yicha cheklovlarning yo‘qligi muayyan mezonlar va tegishli “filtr tizimi”ni ishlab chiqish zaruriyatini keltirib chiqardi.

Ayrim davlatlarda konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi asossiz murojaat yo‘llash bilan suiiste’mol qilish fuqaroga jarima solishga olib keladi. Masalan, Ispaniya Konstitutsiyasining 119-moddasiga muvofiq bunday hollarda Konstitutsiyaviy sud huquqbuzarga 600 dan 3000 yevrogacha miqdorda jarima qo‘llashi mumkin.

Germaniyada shu kabi holatda murojaatchi shaxs 2600 yevrogacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

O‘zbekistonda esa Konstitutsiyaviy shikoyat yo‘llashda davlat boji to‘lanmasligi bilan bir qatorda, bu huquqni suiiste’mol qilganlik uchun javobgarlik ham ko‘zda tutilmagan.

Takliflar va tajribalar o‘rganildi

Ikki kun davom etgan xalqaro konferensiyada 14 ta ma’ruza tinglanib, muhokamalar o‘tkazildi. Xususan, Venetsiya komissiyasi prezidenti va ekspertlari, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Konstitutsiyaviy sudi raislari, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlash” hududiy dasturi eksperti hamda milliy ekspertlarInson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), advokatlar vakillari, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy yuridik o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari hamda jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ma’ruzalarini tinglab, fikr va tajriba almashishdi.

Akmal Saidov Markaziy Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari assotsiasiyasini tuzishni taklif qildi. O‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda konstitutsion shikoyat institutini mintaqada rivojlantirishga qaratilgan bu tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy shikoyat institutini to‘laqonli hamda samarali ishlashi uchun O‘zbekistonda konstitutsiyaviy shikoyat institutini nazariy jihatdan to‘liq tadqiq etish zarurligi bildirildi. Fuqarolarning bu tartib borasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiyaviy sud tomonidan yo‘riqnoma ishlab chiqish, Konstitutsiyaviy sudda ishlarni hajmi oshib ketishining oldini olish hamda murojaatlarni o‘z vaqtida va samarali ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida “yozma tartibda ish yuritish” tartib-taomilini qo‘llash doirasini kengaytirish kabi fikrlar bildirildi.

Yo.MARQAYeV.