Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirilmoqda

Oliy Majlis Senatining qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirilib, O‘zbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berishi belgilanmoqda.

Konstitutsiyaviy sud faqatgina o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanishi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi hamda ularning bir xilda amalda bo‘lishiga erishiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.