Kontraktni 4 ga bo‘lib to‘lash imkoni hozir ham bormi?
- Institutimizda kontrakt to‘lamagan talabalarni darsga kiritmayapti. Talabalar darsga kelsa "NB" qo‘yishyapti. Oraliq nazoratlarga ham qo‘yishmayapti. "Kontraktni 4 ga bo‘lib to‘lash imkoni bor-ku", desak "Shartnomada unday gap yo‘q", deyishyapti.
Iltimos, shunga aniqlik kiritib bersangiz.
Ushbu savolga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov javob berdi:
- Prezidentning 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoniga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab OTM talabalariga o‘quv yili davomida teng ulushlarda kamida to‘rt marotaba o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim etilgan.
Davlat qabul komissiyasi bilan kelishilgan holda to‘lovlarni amalga oshirish muddati quyidagicha belgilangan:
— belgilangan to‘lov miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15 sentyabrgacha yoki Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1 oktyabrgacha yoki OTM rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatgacha;
— belgilangan to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 aprelgacha va 100 foizi 1 iyulgacha yoki OTM rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatlargacha.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi 527-son qarori ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini belgilangan tartibda, teng ulushlarda to‘rt qismga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkazishga ruxsat berilgan.
Bundan xulosa qilish mumkinki, bugungi kun holatiga 50 foiz to‘lov talab qilishayotgani amaldagi tartibga zid. Ammo talabalar bugungi kungacha kamida 25 foiz to‘lovni amalga oshirgan bo‘lishlari kerak.