Kontrakt to‘lov shartnomalarini olish to‘liq raqamlashtirildi

Endilikda, birinchi bosqichga tavsiya etilgan talabalar ham yangi o‘quv yilining birinchi kunidan boshlab to‘lov-shartnomalarni elektron shaklda, onlayn olishlari mumkin.

Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

Buning uchun vazirlikning kontrakt.edu.uz platformasidan foydalangan holda shartnomani osongina yuklab olish talab etiladi.

Shuningdek, belgilangan o‘tish balini to‘play olmagan, ammo tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma asosida o‘qish istagini bildirgan talabgorlar uchun ham kontrakt.edu.uz platformasi orqali onlayn ariza berish va shartnomani onlayn rasmiylashtirishga yangi o‘quv yilining birinchi kunidan boshlab imkoniyat beriladi.

2022 yil 5 sentyabrdan boshlab barcha bosqich talabalari (bakalavr, magistr, superkontrakt) to‘lov-shartnomani onlayn yuklab, to‘lovni amalga oshirishlari mumkin.