@zarafshonbot’ga murojaat: Kontrakt pulini 5 kun kechikib to‘laganim uchun SamDUdan haydaldim, shu adolatdanmi?
Birinchi mutaxassisligim bo‘yicha ish topolmaganligim tufayli ikkinchi bor 2020 yil sentyabr oyidan buyon SamDU boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi rus guruhida kontrakt asosida o‘qib kelyapman. O‘qish jarayonida hamisha faolman. Biror marta dars qoldirmaganman. Imtihonlarni ham yaxshi baholarga topshirganman.
Shuningdek, 980 ming so‘m oylik maoshga ishlayman. Farzandlarim yosh bo‘lishiga qaramay ishga chiqishga majbur bo‘ldim. Birinchi farzandim 6 yoshga kiradi, ikkinchi farzandim esa bir yarim yoshga to‘lgan.
Men kontrakt to‘lovimni maoshimdan o‘zim to‘lab kelaman. Bu maosh bilan 7.800.000 so‘mni bir yil davomida to‘layman. Boshqa hech qanaqa daromadim yo‘q. O‘zim haftasiga 6/8 soat ishlayman. Farzandlarimga men ishda bo‘lganligim sababli, onam g‘amxo‘rlik qiladi. Turmush o‘rtog‘im oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay ishsiz. Hozirgi kunda yollanma ishlab, oila tebratyapti.
Mart oyining oyligi ham kontraktga o‘tishi kerak edi va o‘tdi ham. Ammo men shuncha iltimos qilishimga qaramasdan dekanat xodimlari meni qarzdorlar ro‘yxatiga qo‘shib, 650 ming so‘m uchun talabalar safidan chiqarib yuborishibdi. Maoshim 5 aprel kuni o‘tgan, ya’ni qarzim besh kundan keyin qoplangan.
Yuqorida aytganimdek, men bor-yo‘g‘i 980 ming so‘m oylik maoshga ishlayman. Hozirda shuncha iltimosnomalarimga qaramasdan menga kelasi yil o‘qishni qayta tiklaysiz, deyishmoqda. Men diplomimni tezroq olish va oilaviy sharoitimni yaxshilash harakatidaman. Men tugallanmagan oliy ma’lumot bilan to‘liq ishga kirolmayman.
Axir men imtihondan yiqilganim yoki o‘qish jarayonida sababsiz dars qoldirganim yo‘q-ku?!
Aksincha, kelgusi yilda 3-kurs boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi yo‘q ekan.
Guldona Axmedova, Samarqand davlat universiteti talabasi.
***
P/S: Samarqand davlat universiteti respublikamizda moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan 35 ta oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari Prezidentimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilashi va uzaytirishi mumkin.
Xo‘sh, nega Samarqand davlat universiteti rahbarlari ushbu huquqdan foydalangan holda talabaga imkoniyat berish o‘rniga atigi 5 kun kechikkan, hozirda o‘sha qarzi to‘langan talabani o‘qishdan haydayapti?