Samarqandda 31 talabaning shartnoma puli mahalliy byudjetdan to‘lanadi

Bu xalq deputatlari viloyat Kengashining joriy yil 18 noyabrdagi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, klinik ordinaturada tahsil oladigan 31 nafar talabaning kontrakt to‘lovi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Umuman, shu kabi tadbirlar uchun mahalliy byudejtdan 5 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratiladi. Shundan 1 milliard so‘mi viloyat hududida yashil maydonlarni tashkil qilish uchun daraxt ko‘chatlarini sotib olishga sarflanadi.

Bundan tashqari, Endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filialiga 1 milliard 265 million so‘m o‘tkaziladi. Bu mablag‘ga filialning jarrohlik bo‘limi qoshida bariatrik jarrohlik amaliyotini yo‘lga qo‘yish uchun endoskopik jarrohlik asbob uskunalari xarid qilinadi. Ya’ni, endi Samarqandda ham qandli diabetni 2 turini davolashda tana vaznini kamaytirish “operatsiya” lari yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 500 million so‘m ko‘chiriladi. Bu pulga Samarqand, Ishtixon, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi mammorentgen apparatini ishlashi uchun qo‘shimcha uskunalar olinishi ko‘zda tutilgan.

Suv va sel-suv omborlarida joriy yilning kuz-qish mavsumida kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish uchun esa 746,2 million so‘m ajratilishi belgilangan. Bu mablag‘ viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasiga ajratiladi.

Qarorda boshqarma va tashkilotlari rahbarlariga ajratilgan mablag‘lardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maqsadli foydalanish, xususan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlash qayd qilingan.