“Konvert”da olmang!

Har bir inson qayerda ishlamasin halol mehnat qilib, hurmat-e’zoz bilan pensiyaga chiqishni xohlaydi. Qilgan mehnatlari evaziga davlat tomonidan to‘lanadigan pensiyani olib keksalik gashtini surish barchaning orzusi. Ammo bugungi kunda ba’zi fuqarolar rasmiy mehnat shartnomasi tuzmasdan, mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlanmasdan konvert usulida mehnat haqi olib ishlab kelmoqda. Bunday ishchilarga ish beruvchi tomonidan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob-varaqasiga to‘lov amalga oshirilmaydi, natijada pensiya yoshiga yetgan shaxslarda pensiyaga chiqishda muammolar paydo bo‘ladi.

To‘g‘ri, shu vaqtga qadar xodimlar soni korxona tomonidan to‘lanadigan soliqlarga ta’sir qilgan. Tadbirkorlik sub’yektlariga yanada qulay sharoit yaratish uchun 2019 yil 1 yanvardan boshlab Soliq kodeksi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlariga asosan soliq stavkalari keskin kamaytirildi.

Jumladan, aholining real daromadini oshirish, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining amaldagi 4 ta pog‘onali stavkalari o‘rniga yagona 12 foizlik stavka belgilandi. Pensiya jamg‘armasiga 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi. Yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 va 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Natijada, ish haqi fondiga soliq yuki o‘rtacha 1,8 marotabaga kamayib, xodimlarining ish haqini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati yuzaga keldi.

Shuningdek, tashkilotlar 2019 yil 1 aprelga qadar xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondini ixtiyoriy ravishda rasmiylashtirsa, avvalgi hisobot davrlarida xodimlar sonini yashirganlik uchun soliqlarni qo‘shimcha hisoblashdan ozod qilindi.

Shu bilan birga, yagona ijtimoiy to‘lovning kamaytirilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan xodimlar ish haqi miqdorini oshirish imkoni yuzaga keladi.

   – Hududlarda olib borilayotgan pasportlashtirish jarayonlari, profilaktik suhbatlar davomida 2019 yil 23 yanvardan 19 fevraliga qadar 2934 ta korxonada qonuniy rasmiylashtirmasdan ish haqi to‘lab kelinayotgan 14 ming 127 nafar ishchi-xodimlar bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirildi, - deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nosir Mavlonov. – Ularning 1449 nafari savdo va umumiy ovqatlanish, 4734 nafari ishlab chiqarish, 6808 nafari qishloq xo‘jalik, 1136 nafari qurilish korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi

jamoatchilik bilan aloqalar

va huquqiy axborot sho‘’basi