Ko‘p qavatli uylar: Boshqaruv servis kompaniyasining o‘zi yordamga muhtoj
Keyingi yillarda Past Darg‘om tumanida o‘nlab ko‘p qavatli uylar qurildi. Tumandagi 97 ta ko‘p qavatli uy asosan Juma, Go‘zalkent, Charxin qo‘rg‘onlarida, shuningdek, Olti qahramon, Mirzo Ulug‘bek, Balxiyon mahallalarida joylashgan.
Bu uylarning 69 tasi 2 va 3 qavatli bo‘lib, aksariyatida aholi sharoitni o‘zlariga moslashtirib, hojatxona, omborxona kabi qulayliklarni hovlida qurib olgan. Isitish tizimlari yo‘qligidan sovuq kunlari «burjuyka» pechlari yoqib jon saqlaganlar ham bor.
Shu paytgacha barcha uylar uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan boshqarib kelingan, - deydi tuman qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh mutaxassisi Bobosher Hasanov. – Biroq so‘nggi yillarda shirkatlar o‘z vazifasini bajara olmay qoldi. Banklardan ko‘p miqdorda kredit olib, o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirmadi. Qolaversa, uylarning katta qismi ta’mirtalab, tomlaridan chakka o‘tib, yerto‘lalari zaxlab ketgan.
O‘tgan asrning 50-60 yillarida qurilgan uylarda ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlarida muntazam uzilishlar bo‘lib, suv oqova tizimi yo‘qligidan hojatxona uylardan ancha narida qurilgan. Bu holat ko‘p yillardan buyon aholining noroziliklariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Vaziyatni o‘nglash maqsadida tuman hokimligi qarori bilan 6 ta shirkat o‘rnida 1 ta boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etildi.
2023 yilda tashkil etilgan «Past Darg‘om kommunalchi» boshqaruv servis kompaniyasiga shu sohada ko‘p yillik tajribaga ega rahbar tayinlandi va unga 94 ta ko‘p qavatli uy-joydagi vaziyatni o‘nglash vazifasi topshirildi.
- Juda ko‘p qarzi bo‘lgan shirkatlarni qabul qilib olish oson emas, - deydi «Past Darg‘om kommunalchi» boshqaruv servis kompaniyasi boshlig‘i Sherzod Omonov. –Shirkatlarning bankdan 7 milliard so‘m, aholining esa shirkatlardan 1 milliard so‘mdan ziyod qarzi bor ekan. Kamiga 90 foiz uy-joy ta’mirlanmagan, aholi badallarni o‘z vaqtida to‘lamagan. Ahvol juda og‘ir edi.
Yangi kompaniyada santexnik, elektrik, farrosh, bog‘bon, nazoratchi kabi 15 nafar turli kasb egalari mehnat qilmoqda. Biroq birorta ham maxsus texnika vositasi yo‘q. Hatto kompaniyaning o‘z binosi va uskunalar saqlaydigan omborxonasi ham yo‘q ekan.
- Qariyb bir yildan buyon ijarada turib ishlaymiz,- deydi Sh.Omonov. - Chiqindilarni tashib chiqishda muammolarga duch kelyapmiz. Ishchilarimizning shaxsiy texnikalaridan foydalanishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki texnika, asbob-uskuna xarid qilish uchun banklarga kredit so‘rab borsam, eski shirkatlarning qarzi ko‘pligi uchun berishmadi.
Chiqindini «Toza hudud» DUK tuman bo‘limiga qarashli texnikalar tashib ketyapti. Ammo suyuq chiqindilarni tashuvchi maxsus mashina tumanda ham yo‘q.
Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi 14 ta ko‘p qavatli uyda yashovchilar qator yillardan buyon suvoqova xizmatidan norozi bo‘lib keladi. Chunki bu uylardagi oqova shifoxonada joylashgan maxsus handaqqa quyiladi. U ham har 10-15 kunda to‘lib, shifoxona hududiga oqib chiqmoqda va atrofga yoqimsiz hid chiqadi. Uylar atrofini obodonlashtirish ishlari ko‘ngildagidek tashkil etilmagan. Chiqindixonalar ham talabga javob bermaydi.
- 2023 yil dekabrida mazkur hududda 560 million so‘mlik yangi suv tozalash inshooti qurilishi boshlangan, - deydi Sh.Omonov. – 50 kublik zamonaviy tozalash inshooti qurilmoqda. Ayni vaqtda montaj ishlari olib borilmoqda. Agar inshoot ishga tushsa, nafaqat hududdagi shifoxona, balki barcha ko‘p qavatli uylarning muammosi hal bo‘ladi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Balxiyon mahallalaridagi 8 ta ko‘p qavatli uy ham markaziy oqova tizimiga ulanadi.
Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan tuman markazidagi 2 qavatli uylar uchun 2 ta umumiy hojatxona qurildi. Go‘zalkentda 5 kVA, Mirzo Ulug‘bek mahallasida ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan 10 kVAli quyosh panellaridan kirish yo‘laklari va hovlidagi tungi chiroqlarni yoritishda foydalanilmoqda.
Tan olish kerak, hali Past Darg‘omdagi ko‘p kvartirali uylarda ishlar juda ko‘p. Bolalar maydonchasidagi ayrim o‘yin jihozlari va o‘rindiqlar singan, maydonchalar qarovsiz. Shu yerda istiqomat qiluvchilarning aytishicha, yangi uylar yonida aholi uchun qulayliklar yaratilmagan. Savdo do‘koni, oshxona, sartaroshxona, novvoyxona kabi kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan shoxobchalar yo‘q.
Savol tug‘iladi – aslida boshqaruv servis kompaniyasini tuzishdan maqsad nima edi? Agar ko‘p qavatli uylardagi shart-sharoitni yaxshilash, obodonchiligini ta’minlash bo‘ladigan bo‘lsa, nima uchun kerakli texnika va mutaxassislar bilan ta’minlanmagan? Nima uchun qator yillardan buyon shirkatlarning zimmasida yig‘ilib turgan milliardlab qarzlarni kompaniya to‘lashi kerak? Nima uchun shirkatlardan qarzdor bo‘lgan aholi servis kompaniyasiga to‘lovlarni amalga oshirmayapti? Endigina «tug‘ilgan» kompaniyani kim qarzdorlik botqog‘idan olib chiqadi? Xullas, javob topish qiyin bo‘lgan savollar ko‘p.
Bugun hududlarda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining yashash sharoitini yaxshilash, har bir uyni tartibli, obod maskanga aylantirish ularning o‘z qo‘llarida. Buning uchun mutasaddilar biroz e’tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.