Ko‘rar ko‘zing basir, balki qalbing ko‘zi ko‘r bo‘lmasin

Iste’dodli shoir O‘tkir Nurullayev 1941 yilda Paxtachi tumanida tug‘ildi.
O‘rta maktabda bitirib, 1960 yillarda oliygohda tahsil oldi.
Uzoq yillar respublika va viloyatda turli nufuzli vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi.
Shoirning “Ijod qaynar buloqlari”, “Asrasin tangrim seni”, “Iltijo”, “Rahbarlik, do‘stlik va odamiylik fazilatlari”, “Jannati bo‘lay desang”, “Ibrat xazinasi”, Satrlarga singan iztirob”, “Xaq iltijolari”, “Dil izhori” kitoblari chop etilgan.
O‘tkir Nurullayev hayot bo‘lganida 80 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Afsuski, 2016 yilda 75 yoshida vafot etgan.
Quyida shoirning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.
***
Istiqlol
Vatandan judolar yig‘lagan damda,
Vatanim ko‘zimga to‘tiyo ekan.

Bu dunyo azaldan bir miri kam-da,
Befoyda zar-zevar, mol-dunyo ekan.

Vatan deb o‘tdilar qancha ajdodlar,
Zamona kar edi, kar dunyo ekan.

Mustaqil Vatanga bugun keng yo‘ldir,
Istiqlol azaliy muddao ekan.

Vatan deb, koriga yaragan inson,
O‘tkirga, Vatanga chin oshno ekan.

Bo‘lmasin
Do‘stim, qorning och bo‘lsa ham,
Lekin ko‘zing och bo‘lmasin.

Ko‘rar ko‘zing basir, balki
Qalbing ko‘zi ko‘r bo‘lmasin.

Uyda noning bo‘lmasa ham,
Aslo fe’ling tor bo‘lmasin.

Yoshlikda zor bo‘lmaganlar,
Qarilikda xor bo‘lmasin.

Umring tanho o‘tsa-o‘tsin,
Lek bevafo yor bo‘lmasin.

Dushmani dono yaxshidur,
Do‘sting nobakor bo‘lmasin.

Do‘stlar tila istagancha,
Bitta dushmaning bo‘lmasin.

Uzoqdagi qarindoshdan
Qo‘shning a’lo, kam bo‘lmasin.

Minnat o‘tida pishsa osh,
Aytgin, unda ta’m bo‘lmasin.

G‘ayridin bo‘lsa bo‘lar,
Hech dinsiz odam bo‘lmasin.


Bilmadik
Molu dunyoga hirs qo‘yganligimiz bilmadik,
Vo darig‘, foniy dunyo bizdan qolarin bilmadik.

Mansabu boylikni deb xiyonat qildik mudom,
Oqibat do‘zax o‘tida kuyarimizni bilmadik.

Qo‘shni qo‘shnini ko‘rolmas, bu hasadga ne bois?
Navbat yetib bu gardundan ketarligimiz bilmadik.

Fozil odamlar ustiga yog‘dirdik tuhmat toshini,
Vahki, yaxshi ham yomon, qolmasligini bilmadik.

Ko‘zlarki g‘uborlashdi, farqlanmas halol-harom,
Farzandlar iqboliga bir kun zavolin bilmadik.

Mol talashdi og‘a-ini, yer talashdi qo‘shnilar,
Ikki gaz yer buyursa gar, go‘rga kirarin bilmadik.

Mol-dunyo topayin deb tavbani ortga surdik,
Oxiratda nadomatda qolarimizni, bilmadik.

Mansabu pullarga biz insofu imonni sotdik,
Qorong‘u go‘rda bizni so‘roq qilarin bilmadik.

Ey, O‘tkiro, saqla imon, Haq yo‘lini tanla, tut,
Alloh rahm qilmasa jannatga yo‘lni bilmadik.