Koreya bilan hamkorlikda Samarqand arxeologiya institutida "Madaniy meros konservatsiya markazi" tashkil etiladi

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros universitetida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Janubiy Koreya Respublikasi delegatsiyasi anglashuv memorandumi imzoladi.

Loyihaning birinchi bosqichi O‘zbekistondagi muzeylar salohiyatini oshirish va moddiy texnik bazasini rivojlantirish bo‘lib, 2020-2021 yilda Samarqand muzey qo‘riqxonasida amalga oshirildi.

Memorandumga ko‘ra, loyihaning ikkinchi bosqichi 2022-2026 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Samarqandning madaniy turizm resurslarini rivojlantirish va salohiyatini oshirishga hamda Samarqand arxeologiya institutida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini rivojlantirishga qaratilgan.

- Loyiha qiymati 3 million 800 ming AQSh dollari bo‘lib, bu borada Koreya Respublikasining «Koreya madaniy meros fondi» va Madaniy meros agentligi bilan kelishuvga erishildi, - dedi Samarqand arxeologiya instituti direktori Muminxon Saidov. – Unga ko‘ra, madaniy meros konservatsiya markazini tashkil etish, arxeologik ob’yektlarda qazish, madaniy meros ob’yektlarni 3D o‘lchamlarini olish, Samarqand madaniy merosi bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

«Koreya madaniy meros fondi» loyihaning moliyaviy ta’minotini amalga oshiradi, ya’ni konservatsiya-restavratsiya, GPR, arxeologiya va madaniy merosni boshqarish bo‘yicha 25 nafar mutaxassisni O‘zbekistonda o‘qitish, ikki nafar stajyorni Koreyaga taklif qilish, Samarqand arxeologiya institutida Madaniy meros konservatsiya markazini tashkil qilish kabi vazifalarni bajaradi.