Koreya Respublikasiga O‘zbekiston fuqarolarining kirishi qachon boshlanadi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov aholidan kelib tushgan savollarga javob qaytardi.
- Men Koreya Respublikasida ishlash uchun saralash jarayonining barcha bosqichlaridan o‘tganman va ish beruvchi tashkilot tomonidan shartnoma olganman. Vaqtinchalik mehnat faoliyatimni amalga oshirish uchun Koreya Respublikasiga qachon jo‘nab ketishim mumkin?
- Bugungi pandemiya davrida butun dunyo aholisi qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yuzaga kelayotgan turli muammolar sababli ishsizlik darajasi oshmoqda. Shuningdek, davlatlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, xalqaro qatnovlar ham bekor qilingan.
Mehnat ta’tili olib kelgan va shartnoma loyihasi kelgan fuqarolarning Janubiy Koreyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketish imkoniyati hozircha mavjud emas. Koreyaga ishga ketish istagidagi yurtdoshlarimizdan shu sohada tanish-bilishi borligi, ma’lum to‘lovlar evaziga ishga jo‘natish yoki bu jarayonni tezlashtirib berishni va’da qilayotgan turli firibgarlarga ishonmaslikni so‘raymiz.
Hozirgi vaqtda yurtdoshlarimizni Koreya Respublikasiga ishga jo‘natishni tashkil etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Muzokaralar natijasi haqida rasmiy axborot beriladi.
- Koreya Respublikasiga O‘zbekiston fuqarolarining kirishi qachon boshlanadi?
- Joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni keskin oshib ketgach, Koreya tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining samolyot bortiga chiqarilishi vaqtincha to‘xtatildi. O‘zbekistondagi pandemiya holati koreyaliklar tomonidan muntazam kuzatib borilmoqda va ushbu holat ijobiy tomonga o‘zgargach, yangilik bo‘lishi kutilmoqda.
- Koreyadan O‘zbekistonga ta’til olib kelgan edim. Koreyaga kirishga ruxsat berilgach, qaytib ketish uchun qanday jarayonlardan o‘tishim kerak?
- Pandemiya davrida Koreya Respublikasi hududiga kirishga ruxsat olish uchun mazkur davlatga kirishdan oldin 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha rozilik bitimida ish beruvchi bilan kelishgan holda karantin manzilini ko‘rsatish shart. Karantin manzili ID kartadagi oxirgi ko‘rsatilgan manzilga yaqin hududda bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, bu ma’lumotlarni ta’tilga kelgan fuqarolar uchun ochilgan “@tatil2020” telegram manziliga koreys tilida yuborishingiz so‘raladi.
Bundan tashqari, ish beruvchi bilan muntazam aloqada bo‘lib turish hamda (www.eps.go.kr saytidagi) shaxsiy kabinet ma’lumotlarini tekshirib borish tavsiya etiladi. Shaxsiy kabinetdagi ma’lumotlar o‘zgarsa, ya’ni mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan bekor qilingan taqdirda, bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga xabar berishingiz so‘raladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan va viza amal qilish muddati tugamagan fuqarolar shartnoma rad etilgan kundan boshlab 1 oy muddatda Koreya Respublikasiga kirib borishi yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreyadagi vakolatxonasiga (+8270 4252 2772) murojaat etishi lozim.
Shuningdek, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tavsiya qilingan tibbiyot muassasalarida jo‘nab ketishdan 48 soat oldin koronavirusga test topshirish belgilangan. Agar fuqaroda Koreya hududiga kirib borgach koronavirus infeksiyasi aniqlansa, u maxsus davolanish muassasasida o‘z hisobidan davolanadi.
Fuqaro tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar berilishi uning Koreya Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin.