Koronavirus infeksiyasi bilan takroriy kasallanish mumkinmi? JSST fikr bildirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 bilan takroriy kasallanish holatlarini rad etmaydi, biroq bugungi kunga qadar bunday holatlar judayam kam qayd etilgan. Bu haqda 25 avgust kuni JSSTning rasmiy vakili Margaret Xarris o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

“Vaqti-vaqti bilan bizga odamlarning salbiy test natijalarini olganliklari, keyinchalik esa ijobiy test natijasi qayd etilganligi to‘g‘risida xabarlar kelib turdi. Haqiqatdan ham odamlar takroriy kasallanganmi yoki bu tahlil testlari bilan yuzaga kelgan muammo bo‘lganligi noaniqligicha qolmoqda. Bunday holat 23 milliondan bittada qayd etilgan. Ehtimol biz yana shunday holatlarga duch kelamiz, biroq bu holat doimiy kuzatilmaydi”, - dedi u, Gonkongda qayd etilgan takroriy zararlanish holatiga izoh berib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat immunitet qanday shakllanishi, u qancha davom etishi va vaksina qanday ta’sir qilishini tushunish uchun juda muhim. Xarris, JSST COVID-19 ga qarshi tabiiy immunitetdan ko‘ra, vaksina ishonchli va uzoq muddatli immunitet hosil qila olishiga ishonch bildirayotganini alohida ta’kidladi.