Koronavirus infeksiyasidan yangi zararlanish to‘lqini bo‘lishi mumkinmi?

Bugun AOKA shtabida Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Xabibulla Oqilov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

❓Koronavirusdan zararlanishning oldini olish maqsadida virusga qarshi biror dori vositasini qabul qilish kerakmi?

➖Bunga zarurat yo‘q. Dorixonalardagi virusga qarshi preparatlar koronavirusga qarshi samara ko‘rsatishiga oid dalil yo‘q.

❓Koronavirus infeksiyasidan yangi zararlanish to‘lqini bo‘lishi mumkinmi?

➖Xitoylik hamkasblarning tajribasiga ko‘ra, karantindan so‘ng faqatgina chetdan kelganlarda yangi koronavirus holatlari aniqlanmoqda.

❓Karantin tadbirlari asta-sekin yengillashtirilyapti. Ko‘chada odamlar ko‘paymoqda. O‘zimizni qanday himoya qilishimiz zarur?

➖Karantin tadbirlarini yengillatish yoki bekor qilish hamma ko‘chaga chiqishi kerakligini anglatmaydi.

Eng yaxshi himoya usuli — gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish va niqob taqish, imkon qadar uyda qolgan ma’qul.

❓Laboratoriyalar salohiyatini oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

➖O‘zbekistonda polimeraz-zanjirli reaksiya test tekshiruvi uchun yetarli darajada laboratoriya va asbob-uskunalar tayyorlangan. Reaktivlar o‘z vaqtida yetkazib berilyapti.

Hozirgi kunda 330 mingdan ortiq test tekshiruvlari o‘tkazildi. Va har kuni 10–12 mingta tahlil qilinyapti.

❓Davolashning standartlari haqida so‘z ochilyapti, lekin ochiqlanmayapti. Nima uchun?

➖Bu umuman yangi turdagi infeksiya bo‘lgani uchun uning davolash standartlari va protokollari to‘g‘risida gapirish juda qiyin.

Standartlar kun sayin o‘zgarib bormoqda. Shuning uchun o‘zbekistonlik shifokorlar deyarli har kuni videokonferensiya orqali chet ellik hamkasblar bilan tajriba almashib davolash protokollariga o‘zgartirishlar kiritib kelmoqda.

❓Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina qachon tayyor bo‘ladi?

➖Hozirda bir nechta mamlakatlar (100 dan ziyod laboratoriya) vaksina ishlab chiqishgan va uni ko‘ngillilarda tajribadan o‘tkazishmoqda.

 Ushbu vaksinalarning samaradorligi va qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalarini baholash va keyin ishlab chiqarish muddati 2020 yil oxiri 2021 yil boshiga to‘g‘ri keladi.