Koronavirus infeksiyasiga chalingan urgutlik bemor vafot etdi

Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 61 yoshli O.N. joriy yil 27 iyun kuni koronavirusga chalingan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganligi sababli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va davo muolajalari boshlangan.

Unga “COVID-19” infeksiyasi og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi asorati bilan kechgan.

Bemor bundan avval surunkali buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, o‘tkir miokard infarkti bilan ham og‘rigan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli Sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand davlat tibbiyot instituti mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiyalar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.