Koronavirus organizmga qay tarzda kiradi? Mutaxassis izoh berdi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti dotsenti Abdumo‘min Xushboqov:

- Koronavirus organizmga burun va og‘iz orqali kiradi. Biz burun orqali nafas olamiz va virus asosan shu a’zodan organizmga o‘tadi.

Burun shunday xususiyatga egaki, u himoya vazifasini bajaradi. Burun bo‘shlig‘iga tushgan havo aylanma harakatlanib, burun ichidagi egri yo‘llardan o‘tgandan keyingina isib, namlanib, tozalangan holda halqum yordamida nafas yo‘liga o‘tib ketadi.

Koronavirus burun bo‘shlig‘iga kirgandan keyin shilliq qavatda 7.35 - 7.45 ishqoriy muhit bor. Bu degani burun bo‘shlig‘idagi shilliq qavatlar namlik ichida ishqoriy muhitni saqlaydi.

Virus ishqoriy muhitga kelib taqalganidan keyin u yerda to‘sqinlikka uchrab nobud bo‘ladi. Koronavirus infeksiyasi juda tez ko‘payadi. Burun bo‘shlig‘i shilliq qavati infeksiyaning hammasini birdaniga zararsizlantirish qobiliyatiga ega emas.

Organizmning tashqi muhitga ta’sir ko‘rsatish qobiliyati har doim ham bir xil bo‘lavermaydi. Immunitet past bo‘lganda infeksiya yanada tezlik bilan ko‘payadi. Virus burun va tomoqda 2 kungacha saqlanadi. Undan keyin ma’lum bir miqdorga yetadi va o‘pka tomon harakatlanadi.