Koronavirusdan vafot egan bemor faqatgina mutaxassislar nazoratida dafn etiladi

Internet tarmog‘ida shifoxonada vafot etgan bemorlarning jasadini yaqinlariga topshirish jarayoniga oid tarqalgan mish-mishlar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, bemor vafot etgan taqdirda hech qachon biror shifokor uni shunday chiqarib yaqinlariga berib yubora olmaydi. Bunday holat yuz bergan taqdirda, o‘sha xodimga nisbatan chora ko‘riladi.

- Birinchidan, jasadni uning yaqinlariga berish jarayoniga davolovchi shifokor aralashmaydi. Ikkinchidan, barcha ishlar patologik anatomiya muassasasida belgilangan tartibda bajariladi. Qolaversa, muassasa xodimi jasadni o‘rashdan oldin, albatta uning yuzini yaqinlariga ko‘rsatib, aniqlik kiritadi. Barcha jarayonlar hujjatda to‘la aks etadi, —  deydi Respublika patologik anatomiya markazi direktori, professor Rajabboy Isroilov.

Hozirgi kunda koronavirusdan vafot etgan bemorlarni daft etish jarayonlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi  va Respublika sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.

Hurmatli yurtdoshlar, ayni vaqtda barchamiz koronavirus xavfini yaxshi sezib turibmiz. Uni bartaraf etish uchun mamlakatimiz rahbariyati va sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari hamda xodimlari tomonidan barcha choralar ko‘rilmoqda Shunday sharoitda turli xil mish-mish va asossiz xabarlarga ishonib qolmasligingizni so‘rab qolamiz.

Insonlar hayoti va qadr qimmatiga daxl qiluvchi holatlar aniqlansa, unga sababchi bo‘lganlar qonun oldida javob beradi. Asossiz xabarlar tarqatib, odamlar orasida vahima uyg‘otishga uringanlar ham o‘z jazosini oladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.