Koronavirusga chalingan 28 bemorning 21 nafari aholi orasidan aniqlangan
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 994 nafarga yetdi. 13 iyun kuni 116, kasallik qayd etilgandan buyon 3 ming 874 nafar, ya’ni 77 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 1 ming 101 bemor davolanmoqda, 12 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Oxirgi ma’lumot taqdim etilgandan buyon yana 28 fuqaroda kasallik qayd etildi. Ularning 21 nafari aholi orasidan, jumladan, 10 nafari Toshkent viloyati, 9 nafari Surxondaryo viloyati, 2 nafari Buxoro viloyatidagi fuqarolarda aniqlangan.
Jamoat transporti —avtobuslar harakatiga ruxsat berilgan. Bu odamlarga yaratilgan yana bir qulaylikdir. Ammo avtobuslarda tirbandlik, yo‘lovchilarning bir-biriga o‘ta yaqin, zich bo‘lib turib olishi, niqob taqmaslik yoki undan noto‘g‘ri foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Mana shunday holatlarda kasallik yuqishi ehtimoli yo‘q emas. To‘g‘ri, avtobuslarni tez-tez dizenfeksiya qilish, sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda yo‘lovchilarni tashish singari mas’uliyat avtokorxonalar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Ammo har bir shaxs o‘z salomatligiga mas’ul ekanini unutmaslik kerak.