Koronavirusga chalingan viloyat hokimlari tuzalib, o‘z ish faoliyatini davom ettirishga kirishdi
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Navoiy viloyati hokimi Kobul Tursunov Toshkent shahrida davom etgan ma’lum muddat davolanishdan so‘ng to‘liq sog‘aydi hamda o‘z faoliyatini davom ettirishga kirishdi.
T.Bobolov vohadagi ishini Termiz xalqaro aeroportida viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddilar bilan muloqot o‘tkazishdan boshladi. O‘zaro muloqotda vohada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, koronavirus pandemiyasini jilovlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarning barqaror ishlashini ta’minlash hamda boshqa zarur masalalar xususida atroflicha fikr almashdi.
K.Tursunov esa viloyat hokimligining mas’ul xodimlari – hokim o‘rinbosarlari, kotibiyat mudirlari, guruh rahbarlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda hududlarda olib borilayotgan islohotlarni tizimli va izchil davom ettirish hamda yangi bosqichga olib chiqish, aholi orasida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq har qanday muammolarni oqilona bartaraf etish yo‘llari borasida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.