Koronavirusga qarshi emlanganlarga 750 ming so‘mdan pul mablag‘i berilayotgani haqidagi xabarlar asossiz

Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

"Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va rasmiy manbalar orqali tasdiqlanmagan bu kabi uydirma xabarlarni tarqatuvchilar endilikda internetda Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, odamlarni o‘z tuzog‘iga ilintirishga intilmoqda.

Xususan, vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlanib, uning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy ma’lumotlarni kiritish so‘ralgan.

Yuqoridagi axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan bo‘lib, u hech qanday rasmiy asosga ega emas".

Shu bois vazirlik aholidan bu kabi feyk xabarlarga ishonmaslikni so‘rab qolgan.