Koronavirusni yuqtirmaslikka qarshi qanday kurashyapsiz?

Koronavirus pandemiyasi bilan kurashishning yagona usuli karantin ekanligi, odamlar o‘z-o‘zini izolyasiya qilishi, barcha qoidalarga rioya etishi lozimligi ko‘plab davlatlar tajribasidan ayon bo‘ldi. Bu kabi qoidalarga rioya qilmagan davlatlardagi  holat ancha achinarli.

O‘tgan yilning dekabr oyida Xitoyda aniqlangan virus bugun Antarktidadan boshqa dunyoning barcha hududlarida qayd etilmoqda. Barcha  mamlakatlar o‘ziga xos, o‘z mentalitetidan kelib chiqib kurashmoqda.

Jumladan, Xitoyga yaqin davlatlardan biri Yaponiyaning koronavirusga qarshi kurashishda xalqining tartib-intizomga qat’iy rioya qilishi qo‘l keldi. Yaponlar aslida bir-biri bilan masofa saqlab gaplashish va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish borasida o‘z an’analariga ega. Bu ularning virusga qarshi kurashishdagi natijalarini ijobiy tomonga o‘zgartirmoqda.

Koreya Respublikasi ommaviy ta’qiqlar bilan birga, aholini ommaviy testdan o‘tkazdi. Kasallik aniqlanganlar zudlik bilan o‘z-o‘zini izolyasiya qilish holatiga o‘tkazildi, ko‘chaga chiqish holatlari ta’qiqlandi. Bu kasallikni barchaga tarqab ketmasdan oldini olishning eng samarali usullaridan biri bo‘ldi.

Niderlandiya hukumati xalqdan uzoq vaqt uyda qolishni, masofadan turib ishlashni, kasal bo‘lgan kishi uyda davolanishini so‘radi. Asosiy e’tibor kasallik bilan zararlanganlarga qaratildi, maktablar, muzeylar, teatrlar, odam ko‘p to‘planiladigan majmualar yopildi.

Shvetsariyaliklar 70 yoshdan oshganlar bilan muomalani cheklab, iloji boricha masofadan ishlash tartibini joriy qildi. Natijada, metroda har doimgidan odamlar 50 foizga kamaydi.

Yurtimizda ham koronavirus aniqlangach, dunyo tajribasidan kelib chiqib, barcha talablar joriy etildi. Dastlab maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim dargohlari navbatdan tashqari ta’tilga chiqdi. Tashkilotlarning aksariyat xodimlari masofaviy ishlashga o‘tkazildi. Jamoat joylarida to‘planish, ommaviy tadbirlar bekor qilinib, dorixona va oziq-ovqat do‘konlari, bozorlardan boshqa barcha tadbirkorlik sub’yetlari, teatr, dam olish maskanlarining vaqtinchalik faoliyati to‘xtatildi. Barcha harakatlar yurtimizda bu kasallikning keng avj olib ketmasligiga qaratildi.

Bu talablarga biz rioya qilyapmizmi? Afsuski, kuyovnavkar qilgan to‘y egasiga, jamoat tartibiga rioya qilmagan yo‘lovchiga, stikersiz avtotransport vositasini boshqargan haydovchiga qo‘llanilgan jarimalar haqida eshityapmiz, ko‘ryapmiz. Ammo shunda ham karantin qoidalariga rioya qilmayotgan, go‘yo “koronavirus bizga ta’sir qilmaydi” degandek bemalol qo‘l ushlashib yurgan juftliklarga, bolalarning savdo do‘konida yurishiga, chiqindi tashlayotganiga, kech bo‘lganda farzandini sayrga chiqargan ota-onalarga duch kelyapmiz.

Koronavirusga chalingan bemorlar so‘nggi ikki kunda keskin oshdi. Samarqand viloyatida ham koronavirusga chalingan bemor qayd etildi. Xo‘sh, bu ham bizni ogohlikka chaqirmaydimi? Axir qo‘shningiz yoxud do‘stingiz kasallik tarqatuvchi bo‘lishi mumkin-ku?!

Shunday ekan, uyda qolib, o‘zimizning, yaqinlarimizning sog‘lig‘ini asrashga o‘z hissamizni qo‘shaylik, sizu biz uchun tunu kun kasallikka qarshi kurashayotganlarga madad bo‘laylik!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda koronavirusga qarshi kurashda 5.9 million hamshira yetishmasligini ma’lum qildi. Agar karantin qoidalariga amal qilmasak, yurtimizda ham pandemiya avj olishi mumkin. Oqibatda mamlakatimizda ham tibbiyot xodimlarining yetishmasligi kuzatiladi. Tasavvur qilayapsizmi? Bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun tibbiy xodim yetishmasa, qanday, achinarli manzara?

Xulosa esa o‘zingizdan.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.