Koronavirusning kirib kelishi kutilmagan muammolarni yuzaga keltirmoqda
Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatda karantin e’lon qilindi. Bu davrda esa oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yoki narx-navo oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deyilgandi. Ammo ayrim hollarda tumanlarda buning aksini kuzatyapmiz.
Jumladan, Payariq tumanidagi ko‘plab savdo nuqtalarida eng arzon hisoblangan Jomboy unini topish amrimahol bo‘lib qoldi. 130-140 ming so‘mga xarid qilish mumkin bo‘lgan mazkur un mahsulotlari do‘konlarga kelishi bilan ba’zi "uddaburon" yoki olib-sotarlarning "xirmoniga" tushayotganga o‘xshaydi.
Bunday deyishimizga asos bor. Yaqinda un olish uchun tuman markazi va Chelak shaharchasidagi bir nechta do‘konlarni ko‘zdan kechirdik. Ammo narxi 170 ming so‘mdan boshlanuvchi Qozog‘iston unlaridan boshqasini topa olmadik. Sotuvchi esa bu holatni "Jomboy uni arzon bo‘lgani uchun kelishi bilan tez sotilib ketyapti", deya izohladi.
So‘rab-surishtiruvlarimiz chog‘ida tuman markazidagi xonadonlarga arzon unlar tarqatilganidan xabar topdik. Tuman mutasaddilariga tekkan kasallik bu. Go‘yoki, markazdan boshqa hududlarda odamlar yashamaydi. Qishloqda yashaganim bois bu yerda yashovchi odamlarning hayot tarzi, muammolari menga notanish emas.
Mansur BEK.