Korrupsiya ishi: Yevroparlament vitse-prezidenti Belgiyada hibsga olindi
Belgiya Yevroparlament vitse-prezidenti Eva Kayli va yana to‘rt nafar siyosatchini Fors ko‘rfazi davlatining Yevroparlamentdagi ta’sirini “sotib olishga” urinishi bo‘yicha korrupsiya tergovi doirasida hibsga olgan.
Tergovchilar aniq bir davlatni tilga olishmagan. Biroq Belgiya OAVlari, xususan, Le Soir gazetasi manbalarga tayanib, gap hozirda jahon chempionatiga mezbonlik qilayotgan Qatar haqida ketayotganini xabar qilmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, nufuzli lavozimdagi kishilarga Yevroparlamentda nomi oshkor etilmagan davlat manfaatlarini ilgari surish uchun pora berilgan.
Belgiya huquq-tartibot idoralari bir necha oydan beri tergov olib bormoqda.
Bryusselda juma kuni o‘tkazilgan 16 ta tintuv davomida politsiya kompyuterlar, mobil telefon va 600 ming yevro naqd pulni musodara qilgan. Hibsga olinganlar orasida Italiyadan sobiq deputat, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi rahbari, nodavlat tashkilot direktori va deputatlardan birining yordamchisi ham bor.
Yevroparlament o‘z bayonotida davom etayotgan sud jarayonlariga izoh bermasligini, tegishli milliy organlar bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
Yevroparlamentdagi manbalarning ma’lum qilishicha, Yevroparlament deputatlari Kayli, Arena va Tarabellaning idoralari Belgiya politsiyasi tomonidan muhrlangan.