Korrupsiya - jamiyat tanasidagi saraton

Shu yil 5 mart kuni davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy  kengashi yig‘ilishida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq ekanligini ta’kidlab, mazkur illatga “Jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashimiz lozimligini uqtirdi.

– Hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman, butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga «jamiyat tanasidagi saraton» sifatida qarashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ana shu yig‘ilishda  55 ta aniq maqsadga  yo‘naltirilgan  tashabbuslar ilgari surilib, ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqilishi belgilandi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, milliy va hududiy  kengashlar, fuqarolik  jamiyati  institutlarini  keng safarbar  etishga alohida  e’tibor berilmoqda. Bu borada  xalq deputatlari mahalliy kengashlariga ham katta ishonch bildirildi.

Prezidentimiz parlament palatalari, mahalliy kengashlar, jamoatchilik vakillari, mahalla raislari, nuroniylarni  mazkur  masalaga  bosh-qosh bo‘lib, aholi  orasida  tushuntirish ishlarini oshirishga chaqirdi. Zero, bu  yo‘lda barcha yagona kuch bo‘lib harakat qilsagina  ijobiy samaraga erishish mumkin. Fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodni tarbiyalash maqsadida ta’lim maskanlarida halollik g‘oyalarini singdirish, ularni  tashabbuslarini qo‘llab- quvvatlash borasida muntazam targ‘ibotlar o‘tkazish muhimdir.

Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoni hech qachon aniq muddat bilan cheklanmaydi. Ushbu masalada faqat davlat rahbari va  hukumatni sa’y-harakati bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu butun jamiyatimizning ishi, buguni va ertasiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizning vijdon ishiga aylanmog‘i kerak.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, islohotlarimiz natijadorligi, avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga  aylanishi shart. Shu maqsadda biz yaqinda Past Darg‘om tumanidagi 111-umumta’lim maktabida bo‘lib, yoshlarga korrupsiyaning jamiyat taraqqiyoti uchun katta g‘ov ekani, halollik bilan topilgan daromad kishiga ham, oilaga ham, jamiyat va mamlakatga ham baraka keltirishini tushuntirdik. Bunday tadbirlarni texnikumlar, oliy o‘quv yurtlari hamda boshqarmamizga qarashli korxona-tashkilotlarda ham muntazam o‘tkazishni maqsad qilganmiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz  va maslagimizga  aylanmog‘i darkor. Mazkur illatga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qaragan holda unga qarshi  ayovsiz kurash olib borish har birimizning fuqarolik burchimizdir. 

Shomurod O‘rozov, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i.

Abdumalik Yusupov, boshqarma bosh yuristkonsulti.