Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jizzax hokimining qiziga tegishli ish bo‘yicha tekshiruv boshladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati hokimi farmoyishi bilan Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkam qiyofaga keltirish va obodonlashtirish uchun buyurtmachi sifatida viloyat rahbari qiziga tegishli korxona tanlangani haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Jizzax viloyatidagi tanlov holati yuzasidan so‘rov yuborilganini ma’lum qildi.

“Davlat xaridlari sohasidagi shartnomalarning ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinishi natijasida tizim shaffoflashdi.

Bundan tashqari ommaviy axborot vositalari, blogerlar hamda faol fuqarolar sa’y-harakatlari tufayli mazkur sohadagi korrupsion va manfaatlar to‘qnashuvi aks etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar ham yuzaga chiqmoqda.

Jumladan, Jizzax viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi Jizzax shahrini obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan tanlov masalasi qator muhokamalarni keltirib chiqardi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida mazkur holat bo‘yicha o‘rganishni boshladi.

O‘rganishlar natijalari bo‘yicha OAV va keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot beriladi”, deyiladi agentlik xabarida.

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan davlat xaridlari sohasida uchrayotgan tizimli qonun buzilish holatlari tahlilidan kelib chiqqan holda mazkur jarayonda yuzaga kelayotgan korrupsion holat va manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soluvchi va javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadigan takliflar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilingan.