Korxona qo‘shimcha 728 million so‘mlik soliqlarni o‘z vaqtida to‘ladi

Ob’yektlarni qurishda, jumladan, foydalanish uchun tayyorlashda qurilish-montaj, ta’mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy ishlarni, shuningdek, uzoq texnologik (bir hisobot davridan ortiq) davriylikdagi boshqa uzoq muddatli shartnomalarni bajarishda soliq bazasi har bir kalendar oyning oxirida haqiqatda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib hisoblanishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 303-moddasiga asosan uzoq muddatli kontraktlar bo‘yicha daromadlarni belgilash amaliyoti tatbiq etilgan. Unga muvofiq tuzilgan kontraktlar shartlarida xizmatlarni bosqichma-bosqich topshirish nazarda tutilmagan bo‘lsa, uzoq texnologik siklli ishlab chiqarish, ya’ni bir soliq davridan ortiq muddat bo‘yicha mazkur xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromad hisobga olish ma’lumotlari asosida, daromadni bir me’yorda e’tirof etish prinsipi inobatga olingan holda soliq to‘lovchi tomonidan taqsimlanishi belgilangan.

Soliq kodeksining 248-moddasiga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hamda 463-moddasiga asosan aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari uzoq muddatli kontraktlar bo‘yicha daromadlarni tan olib borishlari yangicha usulda amalga oshirilishi belgilab berildi.

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan kameral nazorat tadbirlari natijasida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida kelgusida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish maqsadida hamda “Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarining ishonchli hamkori” tamoyili bo‘yicha yuqorida qayd etib o‘tilgan kodeks talablarini qurilish tashkilotlariga amaliy va nazariy jihatdan keng targ‘ib etilmoqda.

–   Bugungi kunda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi qurilish sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi shahar davlat soliq inspeksiyasi kameral nazorat bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Bo‘tayev. – Qurilish sohasidagi shaffoflik avvalo sifat, so‘ng ijtimoiy-iqtisodiy naflilikni ta’minlaydi. Soliq kodeksida belgilangan yangi tartib shahrimizda faoliyat yuritayotgan ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishga ixtisoslashgan korxonalar rahbar va hisobchilariga batafsil tushuntirilmoqda. Buning natijasida davlat byudjetiga qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilinmoqda.

“Maroqand Invest Project” mas’uliyati cheklangan jamiyati ko‘p qavatli turar joylar qurishga ixtisoslashgan korxonalar sirasidan. Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari qurilish ob’yektiga borib, korxona mas’ullariga yangi tartib xususida atroflicha tushuncha berdi.

- Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi kameral nazorat bo‘limi mas’ullari tomonidan Soliq kodeksining ayrim jihatlari xususida bizga batafsil tushunchalar berildi, – deydi korxona bosh hisobchisi Bunyod Qarshiyev. – Buning natijasida joriy yilning 1-choragi yakuni bilan taqdim etilgan soliq hisobotlarimizdagi kamchiliklar bartaraf etildi va natijada davlatimiz byudjetiga qo‘shimcha 728 million so‘m hisoblangan soliqlar o‘z vaqtida to‘lab berildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.