Kosonsoydagi «maxluq» g‘ayritabiiy mavjudot emas, odam ekanligi ma’lum bo‘ldi

So‘nggi kunlarda Kosonsoy tumani Hurriyat mahallasida qandaydir noma’lum shaxs kechalari fuqarolar tinchini buzib, ularni qo‘rqitib yurgani, uni ushlamoqchi bo‘lishganida tomga qochib ketgani, u juda ham kuchli va chaqqon, hattoki, to‘rt oyoqda yurishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

Buning natijasida bir necha kundan beri aholi tinchi buzilgan. Hattoki, ayollar va bolalar kechasi ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolishgan. Achinarlisi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz mish-mishlar yashin tezligida butun tuman bo‘ylab tarqaldi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, ayni damda tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda va bu surishtiruvlar natijasida shu ayon bo‘ldiki, shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan bu g‘ayritabiiy mavjudot emas. Olingan izlar bu odam ekanligini ko‘rsatmoqda. U hozirgacha hech qanday jinoiy ish (o‘g‘irlik, qotillik, shikast yetkazish....) sodir etmagan. Shunday ekan, ortiqcha vahima va qo‘rquvga hojat yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladi.