Ko‘zgu (hikoya)

Qizining otasi haqida aytgan ikki og‘iz gapidan qalbi jarohat topgan ayolning qaroqlarini ko‘zyoshi yuvdi.

Aslida, bu so‘zlar qanchalar haqiqat bo‘lmasin, ayol uni tan olishni istamas, kelinlik chog‘idayoq “Endi hayoting barbod bo‘ldi. Kelib-kelib shunga tegasanmi?” deya ta’na toshlarini otayotgan nigohlarga Doro va uning qo‘shiniga qalbida alam va qasos olovi ila qarshi chiqqan To‘marisdek yurak na’rasini hech kimga eshittirmay pinhona qasam ichgan edi. Bu qasamni avvaliga cho‘tir – “Yuzsiz” filmi chiqqanidan so‘ng shu laqabni qishloq ahli tomonidan ismiga tirkab aytiluvchi Hamdamga turmushga chiqayotganida momosi Marziya kampir “Sepingga qo‘shib qo‘y, odamlardan ozor chekkan vaqtingda bunga qara, qalbing taskin topadi”, deb bergan, shundan so‘ng faqat bir marta: Shakar shilqimning “Qovunning yaxshisini faqat it yeydimi?” deya muddaosini aytganida jazava qozoniga tushib qolgan yuragi unga qarab halovat topgan va beshafqatlarcha qalbiga qilich sermab o‘tayotgan qismat to‘fonidan omon saqlash maqsadida sep sandig‘ida asrab kelayotgan kaftdekkina ko‘zgu kabi qalbining hali hech kimga ochilmagan, bor orzu-umidlarining ro‘yobga chiqar kuniga qadar qulfi tilsim so‘zni kutayotgan hujrasida asrayotgan edi.

Hatto Shakar shilqimning o‘sha gapiga “Sen itdan ham rasvo mahluqsan”, deya damini ichiga yuttirgan ayol qizining “Oyi, sizga boshqa er qurib ketganmidi? Kelib-kelib otamga tegasizmi? Gulday husningiz bor, gah desangiz, manaman degan yigit ham kaftingizga qo‘nardi”, degan jon o‘rtar so‘zidan avvaliga qanday javob qaytarishni bilmay qotib qoldi. So‘ng jununday titrab qizining sochlariga chang soldi.

– Sen o‘z otangdan or qilyapsanmi?! O‘z otangdan-a? Oqpadar bo‘lasan, juvonmarg! Qaysi go‘rdan topding bu gapni?

Ayol qizining yuziga shapaloq tortib yubordi. So‘ng majolsiz o‘tirib, uvvos sola boshlagan qiziga qo‘shilib yig‘lay boshladi…

Uning ham bir paytlar qizi kabi o‘ylagan, taqdirini yozg‘irgan kunlari ham bo‘lgan edi. Biroq bu qismatni o‘zi tanlagan. Qishloqdoshlarining mazax qamchilari kunda boshida sinayotgan Hamdamni bir umr baxtli etish maqsadida qilgan ahdi va bu ahdga kelish uchun bo‘lgan sababni o‘zi-yu, O‘zidan o‘zga bilmasdi.

Qirqdan oshganida ham hali mayda ajinlardan o‘zgasiga yengilmagan, pardoz ko‘rmagan va qoshlariga bir paytlar o‘sma tortilib, keyinchalik bundan ham voz kechgan, eri bilan o‘rtasidagi tafovutni kengaytirmaslikka ming urinsa-da, o‘sha o‘n yetti yoshidagi, ko‘rgan yigitni “Uylansang, shunday qizga uylansang-da” deya entiktiradigan husni jamoli qishloq ahlini jununga aylantirgan edi. Kimdir ko‘ngliga in qurgan tuyg‘ularini pinhona asrab yurgan bo‘lsa, boshqasi qizning o‘ziga oshkor qilgan, kimlaridir esa aytib ham o‘tirmay sovchi yuborib qo‘ya qolgan edi. Biroq bu harakatlarning barchasi dengiz to‘lqinining qoyaga urilib besamar qaytishiga o‘xshardi. Birgina Shodmon raisning o‘g‘li Bolta taqdirlarining qo‘shilmaganini g‘ururning oyoq osti bo‘lishi deb tushundi. Ko‘ngliga in qurib olgan kinning kun sayin ildiz otib borishi toki maqsadiga yetish uchun qizning yo‘liga chiqib, o‘tib bo‘lmas devordek qad kergunicha davom etdi.

– Nega sovchilarimni qaytarding? – dedi Bolta suv uchun buloq boshiga yolg‘iz kelgan qizga. – Qishloqda mendan boshqa yigit seni baxtli qilolmaydi.

– Siz meni baxtli qilsangiz, Oypari bilan Sojini kim baxtli qiladi? Qiz bolaning ko‘ngli sizga o‘yinchoqmi?

– Men ularni yaxshi ko‘rmayman. Shunchaki ko‘ngil uchun…

– Balki vaqt o‘tib men ham shunchakilar qatoriga tusharman?! – zarda qildi qiz.

– Ular boshqa, sen boshqa. Seni begonalarga berib qo‘ygim yo‘q.

Qiz qo‘lida tutib turgan suv to‘la ikki satilni yigitning poyiga qo‘ydi.

– Siz tushingizni manov suvga ayting, men soyga oqizib kelaman.

– Shundaymi hali?! – Boltaning rangi bo‘zardi.

– Shunday.

– Unda bilib qo‘y, qachon paqirda suvni ko‘rsang, mana shu kunni eslab yurasan. To‘g‘rirog‘i, eslab yuramiz.

Hirsning domiga ilingan Boltaning ko‘zlariga qon quyila boshladi. Hozirgina o‘ynoqlab oqayotgan soy tug‘yon urdi. Maysalar qaramoqdan ibo qilib bosh egdi. Dov-daraxtlar nomus va nafs o‘rtasidagi jangdan ozorlanib, ko‘kka qo‘l cho‘zib nola qildi. Zamin o‘zini himoya qilmoqqa urinayotgan, ammo yovuz kuchning hamlasiga bas kelolmaganidan yirtilib borayotgan liboslari bilan jon halpida badanini yopishga urinib, qora quyunday bosib kelayotgan nafsning basharasini timdalayotgan qizga yordam berolmaganidan, o‘zidan bino bo‘lgan jonzotning naqadar tubanlikka yuz tutganidan titrayotgan edi.

Lahza… lahza… lahza…

G‘oliblik nashidasini surmoq umidida bo‘lgan hirs g‘alaba yalovini ko‘tarmoqqa ulgurmadi. Biqiniga tushgan tepki zarbidan poydevori zil ketgan devorday yerga quladi.

– Yuzsiz?! – hali o‘zini o‘nglab-o‘nglamay manfur rejasining barbod bo‘lishiga sababchi bo‘lgan raqibiga “Sen ham odam bo‘lib qoldingmi? Mishiqi bolalar kiyimingga burnini artib ketganidayam miq etolmay yurarding. Bugun qahramon bo‘lmoqchimisan?” deganday savol nazari bilan boqqan Bolta tuyqus ochilgan eshikdan so‘roqsiz yopirilgan izg‘irindek yuragiga kirib kelgan hadikdan orqaga tisarildi. Keyin yalog‘i tortib olingan itday Hamdamga tashlanish uchun qad rostladi.

– Sen hali…

Boltaning gapi og‘zida qoldi. Jag‘i aralash yuziga tushgan tepkidan gandiraklab orqaga yiqildi. Hamdamga yana qarshi chiqishga botinolmadi, to raqibining qadam tovushlari uzoqlashgunga qadar yuztuban yotaverdi.

Hamdam ustidagi ko‘ylagini yechib, daraxt panasida dir-dir titrayotgan qizga uzatdi.

– Endi yolg‘iz suvga chiqma.

Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi muhorabadan karaxt holga tushib qolgan qiz atrofida bir qarorga kelguniga qadar oradan haftalar o‘tib ketdi. Uning sha’nini himoya qilgan yigitdan o‘sha kuni bor-yo‘g‘i bir og‘iz gap eshitgan qiz boshqa so‘z eshitmoq gumon ekanini bilgani uchun ham o‘zida jur’at bo‘lishi kerakligini his qildi. Hamdamning ko‘ylagini yuvib-dazmollab, yigitga olib bordi.

– Bergim kelmadi-yu, lekin omonat bo‘lgani uchun keltirdim, – dedi qiz Hamdamga ko‘ylakni uzatayotib. – Judayam minnatdorman. O‘sha kungi yaxshiligingizni qanday qaytarishni bilmayman.

– O‘sha kunni xotirangdan o‘chirib tashlasang, qaytarganing bo‘ladi, – dedi Hamdam o‘zida kuch topib.

– Boshqaning eshigini bir umr supurib o‘tadigan bo‘lsam, hech qachon xotiramdan o‘chmaydi, – dedi qiz va ortiga burilgancha, yugurib ketdi. Yugurib borarkan, ikki yuzidan o‘t chiqayotganini his qilib borardi.

Hozir ham o‘tmishini qiziga aytib berarkan, yuragi entikib, yuzlari olovlandi ayolning.

Qiz boshini silagan onasining qo‘llaridan tutib, kaftlariga yuzini bosdi. Ich-ichidan, so‘zga jo bo‘lolmayotgan ehtiromlar qobig‘ini yirtib bir nido otilib chiqdi…

 

Asliddin MUSTAFO