KPI – Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari qanday shakllantiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tashabbusi bilan viloyatning Kattaqo‘rg‘on shahar, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlarida o‘quv-seminarlar bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman (shahar) sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, sektor kotiblari va ishchi guruhi a’zolari, joylardagi mahalla raislari, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari taklif etildi.
Seminar davomida sektor rahbarlari va hokim o‘rinbosarlari, mahalla mas’ullarining KPI ko‘rsatkichlari kim tomonidan, qay tartibda shakllantirilishi, bunda qaysi mezonlarga ko‘ra baho berilishi yuzasidan batafsil tushunchalar berildi. Xususan, uchrashuvlarda ta’kidlanganidek, mahallalardagi mas’ullarning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tegishli bo‘lim boshlig‘i va hokim yordamchilari, ularning natijalari bo‘lsa bevosita sektor rahbari va tuman hokimining reyting ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Bunda barcha tuzilmalarning reyting natijalari yuqori turuvchi organlari tomonidan shakllantirilib, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning hududiy filiallariga taqdim etiladi, faqatgina tuman (shahar) hokimlarining KPI ko‘rsatkichlari agentlik tomonidan umumlashtiriladi.
Seminar davomida mavzu yuzasidan asosiy masalalar ko‘rgazmali vositalar yordamida sodda tilda tushuntirilib, taqdimot materiallari tegishliligi bo‘yicha soha mas’ullariga ham taqdim etildi. Jarayon davomida seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, ko‘rsatkichlarning shakllanish mexanizmi to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Viloyat bo‘ylab davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati samaradorligini baholash tizimi bo‘yicha joriy etilgan yangi ko‘rsatkichlar muhokamasi davom etmoqda.
R.Umarova,
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi Samarqand viloyati filiali
bosh inspektori