Kristin Lagard: Samarqanddagi tarixiy obidalarni ko‘rish mening orzuim edi

Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagard boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 18 may kuni Samarqandga keldi.

Mehmonlar shahar bilan tanishuvni Amir Temur maqbarasidan boshladi. Buyuk sohibqironning davlatchilik siyosati, ilm-fan, madaniyat rivojidagi xizmatlari va ulkan bunyodkorlik ishlari haqidagi ma’lumotlar Kristin Lagard xonimda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu hayrat va havas Registon maydoni, Bibixonim masjidiga tashrif chog‘ida yana ham oshdi.

– Samarqand juda go‘zal va obod shahar ekan, – deydi Kristin Lagard. –Bu qadimiy kentning azaldan madaniyat, sivilizatsiya beshigi, Buyuk Ipak yo‘lining yirik savdo markazlaridan biri bo‘lganligi haqida eshitgandim. Bugun bunga amin bo‘ldim. Bu yerdagi bir necha asrlik tarixiy obidalar o‘zbek xalqining noyob aql-zakovatidan, qurilish, arxitektura bo‘yicha ulkan tajriba va salohiyatga egaligidan dalolat beradi. Men bu madrasa va masjidlarni ko‘rishni, ularning devorlarni ushlab ko‘rishni orzu qilardim va bu orzularim ushalganidan xursandman. Samarqand haqiqatdan ham insoniyatning bebaho boyligidir.