“Kundalik.com” qulaymi yoki sinf jurnali?

Siz nima deysiz?

Maktabda o‘qigan paytlarimiz o‘tiladigan fanlar nomi kundaligimizda yozilardi. O‘qituvchi darsni so‘rab, oldin sinf jurnaliga keyin kundalik daftarimizga baho qo‘yardi. Ota-onamiz ham shu kundalik orqali darslarda olgan baholarimizni nazorat qilib borardi. Ammo “Kundalik.com” raqamli ta’lim platformasi yaratilgandan so‘ng qog‘oz shaklidagi jurnal va kundalik daftari bekor bo‘ldi. Viloyatimizda yangi o‘quv yilidan davlat tasarrufidagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari ushbu platformaga ulandi.

Xo‘sh, “Kundalik.com” qanday tizim, uning sinf jurnalidan qulayligi nimada, umuman, o‘qituvchi va ota-onalar bu haqda nima deydi?

“Kundalik.com” o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun raqamli ta’lim platformasidir. Tizim pedagoglarga onlayn rejimida avtomatlashtirilgan tartibda dars jadvallarini, har bir dars bo‘yicha rejalar tuzish, jurnal va kundalikning elektron shakllarida darslarga qatnashishni kuzatish va o‘zlashtirishini hisoblab borish, ta’lim tashkiloti va ta’lim organlari uchun statistik hisobotlarni shakllantirish imkonini beradi.

Viloyatdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari to‘liq sun’iy optik tolali internetga ulangan bo‘lsa-da, o‘qituvchilarning aksariyati “Kundalik.com” elektron tizimidan foydalanishda qiyinchilikka duch kelyapti.

- Kattaqo‘rg‘on tumanining olis qishloqlaridagi maktablarning birida ona tili va adabiyot fanidan dars beraman, - deydi o‘rtog‘im. – Maktabimiz joriy yil sentyabr oyidan “Kundalik.com” elektron tizimiga ulandi. Internet tarmog‘i ham tortilib, platformaga kirish imkoniyati yaratildi. Lekin internet tezliga past, elektr energiyasining ham vaqti-vaqti bilan o‘chishi kuzatiladi. Shu bois, “Kundalik.com” platformasiga dars vaqtida kirib, baho qo‘yishning imkoni bo‘lmayapti. O‘z vaqtida o‘quvchilarni baholamaslik va jurnal yuritmaslik natijasida foiz ko‘rsatkichi tushib ketmoqda.

- 30 yildan buyon maktabda dars beraman, - deydi urgutlik faxriy o‘qituvchi. - “Kundalik.com” platformasi ish reja va dars soatining to‘g‘ri kelishi, baholarni hisoblash va chorakliklarni chiqarishda qulay. Biroq darsda ko‘p vaqtimiz telefonga  qarash bilan o‘tmoqda. Natijada o‘quvchilarga yangi mavzuni tushuntirish va amaliy mashg‘ulot o‘tish jarayoniga ulgurmayapmiz.

Oldin sinf jurnalida o‘quvchiga baho qo‘yilsa, o‘zgartirilmas edi. Bordi-yu, o‘zgartirilsa ham bu jurnalda bilinardi. Lekin “Kundalik.com” da baholarni xohlagancha o‘zgartirish mumkin. Xo‘p, bu ham mayli. Ota-onalar farzandlarining darsda olayotgan baholarini qanday nazorat qilyapti?

- Farzandlarim 7- va 9-sinflarda o‘qiydi, - deydi qo‘shrabotlik bir tanishim. - Oldin ularning darsda olgan bahosini kundaligidan ko‘rardik, hozir internet bilan ishlaydigan elektron platformaga o‘tibdi. Biz ham o‘sha tizimga ulanib, bolalarimizning bahosini nazorat qilsak bo‘ladi. Biroq qishlog‘imizda internet ishlamaydi. Shu bois farzandlarimning o‘qituvchilari bilan bog‘lanib turibmiz.

Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning maqtasa arzigulik jihatlari ko‘p. Masalan, yangi qurilgan maktablar, zamonaviy texnologiyalar, o‘qituvchi-pedagoglarga yaratib berilgan imkoniyatlaru rag‘batlantirishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Biroq ta’lim tizimida og‘riqli jihatlarimiz, kamchilik va zaif tomonlarimiz ham borki, buni inkor etib bo‘lmaydi. Sohada yangilik qilishdan avval har bir hududning imkoniyati hisobga olinib, muammolar bartaraf etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.