Kuz ilhomlari
Mahzunlik yukini qalbga ortar kuz,
Qahrabo libosin kiygan bulutlar.
Teraklar yaproqsiz g‘arib, benufuz,
Shoxlari hurpaygan jayradek tutlar.
Mung‘ayib ko‘z tikar qurigan irmoq, –
Jar – tuman yo‘lida yotgan katta choh.
Yomg‘irda jilg‘aga aylangan so‘qmoq
Tosh yo‘ldan yurishni etadi ogoh.
Azobdan qorayar namozshomgullar
Berahm qirovning sovuq nishidan.
Tinimsiz to‘zg‘iydi xiyobon, yo‘llar
Beva xazonlarning namoyishidan.
So‘qqabosh chol kabi xomush tortar kun,
Otashdan mosuvo quyoshning nuri.
Fig‘on – xazonlardan burqsigan tutun, –
Sekin qurib borar ko‘zakning sho‘ri.
Mahzunlik yurakni uzoq etmas tark,
Alvido – qalbimda ingrab yotgan so‘z.
Tosh qotgan terakda titrar bitta barg, –
So‘nggi bor qo‘l silkib turgan kabi kuz.
Xurshid Nurullayev.