Kuzning oxirgi oyida qanday ob-havo bo‘lishi haqida ma’lumot berildi

Oktyabr oyi quruq kelishi tez-tez kuzatiladi. Biroq bu yilgi oktyabr ekstremal quruq bo‘ldi. Mamlakatda butun meteorologik kuzatuvlar davrida eng yog‘ingarchiliksiz oktyabrlardan biri bo‘lgani qayd etildi, deb xabar bermoqda «O‘zgidromet».

Harorat rejimi bo‘yicha oktyabr nisbatan salqin keldi. Eng sovuq kunlarda kunduzgi harorat 12-15 darajagacha pasaydi. Oxirgi besh kunlikda esa 10-13 daraja iliq bo‘ldi. Eng issiq kunlarda kunduzi 24-26 darajadan oshmadi. Oyning oxirida birinchi kuzgi ayoz kuzatildi.

Noyabr — kuz faslining oxirgi oyi. U haroratning keskin o‘zgarishlari bilan ajralib turadi. Noyabr oyining o‘rtacha harorati oktyabrga nisbatan 5-7 daraja pastdir. Bu oyda yog‘ingarchilik ham ko‘proq kuzatiladi, ko‘proq davom etib, kuchliroq bo‘ladi. Noyabrda yomg‘irning qorga aylanish holatlari takrorlanib turadi. Tog‘li tumanlarda ayrim joylarda qor qoplami hosil bo‘lsa-da, ko‘pincha u beqaror bo‘ladi.

Butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillarda noyabr oyida harorat oyning birinchi yarmida 27-32 darajagacha, janubda 34 darajagacha ko‘tarilgan.

O‘tgan asrning o‘rtasigacha eng sovuq noyabr oyida harorat 13-18 daraja sovuq, hatto undan ham past, shimolda 22-27 daraja sovuq bo‘lgan.

Lekin so‘nggi 50 yil ichida respublika hududida noyabrda bunday sovuqlar kuzatilmayapti. Kamdan-kam holatlarda tunda harorat 4-6 daraja sovuq, shimolda 13-16 daraja sovuq bo‘ladi. Faqat 2016 yil noyabrining oxirgi o‘n kunligida harorat 8-13 daraja sovuq, shimolda 20-22 daraja sovuq bo‘lgan.

«O‘zgidromet»ning jahon ob-havo markazlari ma’lumotlaridan foydalanib tayyorlangan dastlabki baholariga ko‘ra, bu yilgi noyabr ham harorat rejimi, ham yog‘ingarchilik rejimi bo‘yicha me’yorlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Noyabrning deyarli butun birinchi haftasi davomida O‘zbekistonda ob-havo kam bulutli bo‘ladi. Dam olish kunlarida bulutlilik ortadi. Biroq quruq havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Harorat kechasi 2-7 daraja, kunduzi 18-23 daraja bo‘ladi.

Keyinchalik issiq to‘lqinlar sovuq to‘lqinlar bilan almashib turadi, harorat kechasi 5-8 daraja iliq - 0-3 daraja sovuq, kunduzi 17-20 daraja issiq - 3-6 daraja iliq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi.