“Lacetti”ni boshqarib YPX inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan xonimga nisbatan choralar ko‘rildi (video)
Joriy yilning 18 oktyabr kuni internet tarmog‘ida “Lacetti” rusumli avtomobil va uning ortidan IIBB avtomobili maxsus yorug‘lik signallarini yoqqan holda harakatlanayotganining videosi tarqaldi. Shuningdek, video tasvirda haydovchi YPX inspektorining talabiga bo‘ysunmagani ham aks etgan. Ushbu fakt bo‘yicha Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi:
"17 oktyabr kuni taxminan soat 22.35 da Olmazor tumanidagi Toshkent halqa avtomobil yo‘lidagi “Ayvon” choyxonasi qarshisida YHXB YPX inspektori M.Z. hushtak va jezl bilan “Lacetti” rusumli avtomobil (davlat raqami 01 D 616 VV) haydovchisidan to‘xtashini talab qilgan.
Haydovchi esa YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatini katta tezlikda davom ettirgan. Shundan so‘ng YPX xodimi S.X. qoidabuzarning avtomobilini “Lacetti” rusumli xizmat avtomobilida (davlat raqami 01 673 VSC) ta’qib qila boshlagan.
Ortdan ta’qib qilib kelayotgan patrul xizmati avtomobili ham qoidabuzarning fikrini o‘zgartirmadi. U TXAY bo‘yicha harakatni davom ettirib, “Uch Qahramon” YPX postigacha yetib bordi. So‘ng Amir Temur va Yangi shahar ko‘chalari kesishmasidagi aylana chorrahasida bir oz vaqt qarama-qarshi yo‘nalish bo‘yicha harakatlangan.
YHXB xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida soat 22.55 da avtomobil Yunusobod tumanidagi Qaymaqova ko‘chasida (17-shifoxona qarshisida) to‘xtatildi. Z.A.ga tegishli bo‘lgan avtomobilni Toshkent viloyatida yashovchi 25 yoshli Gulira’no A. boshqarib borgan. Avtomobilni boshqarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar to‘plamidan haydovchida faqat ishonchnoma bor edi.
Gulira’no A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasi (“Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, uning avtomobili jarima maydonchasiga joylandi".